Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va sifati kafolatlanmagan mahsulotlarning savdoga chiqarilishining oldini olish maqsadida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi vakillari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi.
Xususan, Toshkent shahrida spirtli va salqin ichimliklar savdosi bilan shug‘ullanuvchi 2 ta xususiy korxonaning Yashnobod tumanida joylashgan omborida katta qismining yaroqlilik muddati o‘tgan, umumiy qiymati 429 mln 629 ming so‘mlik 79.172 dona salqin ichimliklar hamda 134 mln 845 ming so‘mlik 3374 dona spirtli ichimliklar saqlanayotganligi aniqlandi.
Shuningdek, omborda kirim hujjatlariga ega bo‘lmagan, qiymati 1 mlrd 187 mln so‘mlik, mahalliy va xorijdan keltirilgan 25746 dona turli xil spirtli ichimliklar mavjudligi ham aniqlandi.
Tekshiruv davomida salqin ichimliklarning asosiy qismining yaroqlilik muddati maxsus suyuqlik yordamida o‘zgartirilib, sotuvga chiqarish uchun tayyorlab qo‘yilganligi maʼlum bo‘ldi.
O‘z navbatida, yaroqlilik muddati o‘tgan va kirim hujjatlariga ega bo‘lmagan ichimliklar sifatini tekshirish yuzasidan ekspertiza tayinlandi.
Hozirda tergovga qadar tekshiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31314 | Инструменты