Toshkent viloyati hokimi stipendiyasi joriy etildi. Unga qancha pul ajratilgani ham ma'lum
Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida “Hokim stipendiyasi” uchun bir yil davomida sarflanadigan 63 mln. 950 ming soʻm mablagʻini ajratish masalasi kun tartibiga qoʻyilib, deputatlar tomonidan tasdiqlandi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi Axborot xizmati xabar bermoqda.
Unga koʻra, viloyatdagi umumtaʼlim maktablari professional va oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan iqtidorli hamda ijodkor yoshlarni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash, munosib taqdirlash maqsadida “Hokim stipendiyasi”ning Nizomi ishlab chiqilgani ma'lum qilinmoqda.
Tanlov bir yilda bir marotaba oʻtkazilib, gʻoliblar 3 toifada (umumtaʼlim maktablari, professional va oliy taʼlim muassasalari) yoshlari orasidan 3 ta oʻrinda aniqlanadi. Xususan, 1-oʻrin uchun eng kam oylik ish haqining 3 barobari, 2-oʻrin uchun eng kam oylik ish haqining 2 barobari, 3-oʻrin uchun eng kam oylik ish haqining 1 barobari miqdoridagi stipendiya 1 yil davomida toʻlab beriladi.
Bundan tashqari, sessiyada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 1-maydagi “Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting baholash tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi, viloyatning 16 ta shahar va tumanlarida kommunal sohani yaxshilash, obodonlashtirish, koʻp qavatli uylarning tomlarini taʼmirlash va bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish chora-tadbirlari kabi koʻplab masalalar ham koʻrib chiqildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 80311 | Инструменты