Ijtimoiy tarmoqlarda Equinox rusumli avtomashina haydovchisi Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi Ko‘kcha darvoza ko‘chasida katta tezlikda boshqa avtomobilga borib urilgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati rasmiy ma'lumot berdi.
Videoda haydovchi bir qo‘li bilan rulni ushlab, boshqa qo‘lida telefon kamerasi orqali video olib ketayotganda svetoforning qizil chirog‘iga yaqinlashib, to‘xtashga ulgurmay, mashina yo‘q birinchi qatordan uchinchi qatorga o‘tib, Nexia-3 bilan to‘qnashgani aks etgan.
Ma'lum qilinishicha, YTH 16-iyul kuni taxminan soat 16:15 da Ko‘kcha darvoza va Saqichmon ko‘chalari chorrahasida sodir bo‘lgan. Equinox avtomashinasini 18 yoshli M.R (2005-yilda tug‘ilgan) boshqargan.
Yo‘l-transport hodisasi oqibatida Nexia-3 haydovchisi va yo‘lovchisi (1990 va 1986-yillar) tan jarohati olgan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismi (Transport vositalarini boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxslarning shu vositalarni boshqarishi, xuddi shuningdek boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxsga transport vositalarini boshqarishning topshirilishi / bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari yoki 1 million 65 million so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi) va 133-moddasi (Transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi / BHMning besh baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki transport vositalarini boshqarish huquqidan bir yildan uch yilgacha muddatga mahrum etishga sabab bo‘ladi) bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21403 | Инструменты