Toshkent shahrida 40 yoshli ayol firibgarlik yo‘li bilan 80 dan ortiq kishining nomiga kredit evaziga mahsulotlarni xarid qilgani ma’lum bo‘ldi.
U o‘z jinoyatlarini 1995 va 1996-yillarda tug‘ilgan ikki sudlanuvchi yigit bilan birgalikda sodir etgan. Ish hujjatlaridan ma’lum bo‘lishicha, ayol shu vaqtgacha 12 marta sudlangan.
"Fuqarolarning nomiga kredit olish bilan shug‘ullanganman. Jinoyat sodir etganimni tan olaman", – deya sud zalida izoh berdi u.
Sudlanuvchi ayol Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi "v" bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan deb topildi. Sudning 2023-yil 26-dekabrdagi hukmi bilan tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan qismini qisman qo‘yish yo‘li bilan ayol 5 yil-u 2 oyga ozodlikdan mahrum qilindi.
Sudlanuvchi yigitlarning har biriga esa 5 yil-u 6 oy muddatga qamoq jazosi tayinlandi.