Toshkentda avtomobillarni evakuatsiya qilish va jarima maydonchasida saqlashning eng yuqori narxi belgilandi

Toshkent shahrida avtomobillarni evakuatsiya qilish va ularni jarima maydonchalarida saqlash uchun yagona cheklangan tariflar joriy etildi. Bu haqda Yoʻl harakatini tashkil etish markazi matbuot xizmati xabar qildi.

Qarorga muvofiq:

— avtomobilni jarima maydonchasida saqlash har bir sutka uchun BHMning 20 foizi (82 400 soʻm) etib belgilandi;
— maxsus evakuator yordamida evakuatsiya qilish va tashish xizmati har bir kilometr uchun ham BHMning 20 foizi (82 400 soʻm)ni tashkil etadi.

Shu bilan birga, avtomobilni jarima maydonchasiga evakuatsiya qilishning umumiy qiymati 4 BHMdan (1 million 648 ming soʻm) oshmasligi belgilandi.

«Ushbu chora piyodalar yoʻlaklari va jamoat hududlarini odamlar uchun erkin saqlash, shahar muhitini yanada qulay, xavfsiz va tartibli qilishga qaratilgan izchil ishlar doirasida amalga oshirilmoqda», — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, yagona cheklangan tariflarning joriy etilishi tizimni yanada tushunarli va shaffof qiladi, fuqarolarni asossiz hisob-kitoblardan himoya qiladi hamda ortiqcha toʻlovlarning oldini oladi.

Yoʻl harakatini tashkil etish markazida taʼkidlanishicha, asosiy maqsad xizmatlar narxini tartibga solish emas, balki poytaxt koʻchalarida tartib-intizomni taʼminlashdan iborat.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 80416 | Инструменты