Qozog‘istondagi “Ona uyi” (“ANA ҮYІ”) xayriya loyihasining tashkil topganiga 10 yildan oshdi. Bugunga qadar mazkur loyiha tufayli mamlakatda yetti ming nafardan ortiq bolaning tirik yetim bo‘lib qolishining oldi olingan.
Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashabbusi bilan Qozog‘istonning “ANA ҮYІ” jamoat fondi o‘rtasida imzolangan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandumga ko‘ra, Toshkentda ham “Ona uyi” ijtimoiy markazi ochiladi.
Birinchi “Ona uyi” ijtimoiy markazi 8-10 nafar yosh bolali ayolni qabul qilishi mumkin. Ikkinchi bosqichda “Ona uyi” natijalari asosida hamda O‘zbekistonning maʼlum bir mintaqasi ehtiyojlariga qarab loyihani mamlakat bo‘ylab kengaytirish belgilangan.
“Ona uyi” markazi qiyin ijtimoiy vaziyat va turli salbiy holatlarda onalarga bolalarini o‘zlari tarbiyalash imkonini berish orqali yordam beradi. Markazda ularga maʼnaviy, psixologik va moddiy yordam ko‘rsatiladi hamda ushbu yordam barcha zarur narsalar, xususan, uy-joy, oziq-ovqat, kiyim-kechak, shuningdek, ayol va bola uchun tibbiy yordamni o‘z ichiga oladi.
Shu bilan birga, “Ona uyi” loyihasi doirasida markazda yashovchi onalarni kasbiy tayyorlash dasturi amalga oshiriladi. Kelgusida “Ona uy”larida tikuvchilik ustaxonalarini ochish, onalarga turli mutaxassisliklar bo‘yicha taʼlim berish rejalashtirilgan.
Natijada, “Ona uyi” markazida bo‘lgan vaqt davomida ayollar ijtimoiylashishi, professional kasbga ega bo‘lishi hamda o‘zlari va farzandlarini taʼminlash maqsadida kelajak uchun mablag‘ topishi mumkin.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111707 | Инструменты