14 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Toshturma” nomi bilan tanilgan Jazoni ijro etish departamentining Toshkent viloyatida joylashgan Markaziy tergov hibsxonasida belgilangan me’yordan ortiq shaxs saqlanayotgani va ularning ko‘pchiligi polda yotgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) munosabat bildirdi.
Bildirilishicha, mazkur masala avval ham Ombudsman tomonidan o‘rganilib, natijasi bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi va boshqa mas’ul idoralarga tegishli xulosa kiritilgan hamda bu borada jamoatchilikka xabar berilgan.
Bugun, 15 may kuni amalga oshirilayotgan qurilish ishlarini yana bir bor ko‘rish hamda muassasadagi sharoitlarni monitoring qilish maqsadida Ombudsman xodimlari u yerga borgan.
Qayd etilishicha, hibsxona hududida qo‘shimcha joylashtirish imkonini yaratish maqsadida 6 qavatdan iborat yangi bino qurilishi boshlangan va hozirda qurilishning so‘nggi bosqichi – oltinchi qavat qurilishi amalga oshirilmoqda.
“Yakunlanayotgan qurilish ishlari mahbuslar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni yaxshilash va saqlanayotgan shaxslarning yashash maydoni bo‘yicha belgilangan normaga rioya qilish imkonini beradi”, deyiladi xabarda.
Qo‘shimcha qilinishicha, monitoring davomida mahbuslar bilan suhbatlar o‘tkazilib, ularning yashash sharoiti, ovqatlanish, tibbiy yordam bilan ta’minlanishi, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi holatlari ham atroflicha o‘rganilgan. Shuningdek, uchrashuvga kelgan advokatlar bilan suhbatlashilgan.
Shu bilan birga, yangi bino qurilishini tezlashtirish, mavjud muammoning yechimi bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish yuzasidan tavsiyalar berilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60807 | Инструменты