24 yanvar kuni Turkiyaning Istanbul shahrida dahshatli qotillik ro‘y berdi. Shaharning Shishli tumanidagi Feriko‘y mahallasida chiqindi konteyneridan boshsiz tana topilgan. Ushbu jasad O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan 37 yoshli ayolga tegishli bo‘lib, u boshqa o‘zbekistonliklar tomonidan o‘ldirilgan.
Mahalliy nashrlarga ko‘ra, qotillar jasadni bo‘laklab, chamadonga solishgan va chiqindixonaga tashlab ketishgan. Jasadning boshqa qismlari boshqa chiqindixonadan topilgan.
O‘zbekistonning Istanbul shahridagi bosh konsulxonasi o‘ldirilgan shaxs O‘zbekiston fuqarosi Hakimova Durdona ekanini tasdiqlagan.
«2026 yil 24 yanvar kuni soat 19:40 atrofida Istanbul shahrining Shishli tumanida chiqindilar orasidan buyum to‘plab yurgan fuqaro konteyner ichida o‘ralgan jasadni ko‘rib, bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bergan. Ko‘rik jarayonida jasadning bosh qismi mavjud emasligi qayd etilgan.
Bosh konsulxona tomonidan mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sud-tibbiy ekspertiza markazi hamda prokuratura bilan hamkorlikda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida marhumaning shaxsi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Hakimova Durdona ekani tasdiqlandi», – deyiladi xabarda.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekistonning 2 nafar fuqarosi qo‘lga olingan. Ular Turkiyadan Gruziyaga aviareys orqali qochishga uringan vaqtida ushlangan.
Bosh konsulxona diplomatlari tomonidan marhumaning oila aʼzolari bilan aloqa o‘rnatilgan hamda ularga tegishli konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Mazkur holat bo‘yicha surishtiruv jarayonlari Bosh konsulxona nazoratiga olingani, ushbu holat yuzasidan qo‘shimcha maʼlumotlar rasmiy manbalar orqali taqdim etib borilishi qayd etilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12612 | Инструменты