“Umradan kutib olish marosimini shoularga aylantirib yuborish holatlari ko‘paymoqda” — Muftiy Nuriddin Xoliqnazarov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari Umra ziyoratidan qaytgan ayrimlar xayrli ishlarda ibrat bo‘lish o‘rniga kutib olishdagi isroflar: eng qimmatbaho avtoulovlarda yurish, ot yo tuyaga minish, ko‘cha boshidan poyondozlar solish, marosimni to‘yga, ba’zan esa Xudo kechirsin, shouga aylantirish kabi holatlarga munosabat bildirdilar.

“Joriy yilning birinchi yarmida 40 ming nafarga yaqim hamyurtlarimiz Umra amalini ado etib kelishdi. Yil yakuniga qadar taxminan yana 30 ming nafar otaxon va onaxonlarimiz ushbu amalni bajarish baxtiga muyassar bo‘lishadi. Bu Allohning bizga bergan juda katta ne’mati. Bu ne’matga biz shukr qilishimiz kerak. Alloh saqlasin, noshukrlik qiladigan bo‘lsak shu ne’matlardan bebahra qolishimiz mumkin. Alloh Taoloning O‘zi Qur’oni karimda bu haqida ogohlantirgan.

Ming afsuski, oxirgi paytlarda xolis Alloh uchun qilinadigan amallarda isrofgarchilik, ortiqcha dabdaba kuzatilmoqda. Eng achinarlisi, bu ishlarni butun dunyo nigohi qaratilgan Internet sahifalariga joylashayotgani har birimizni qattiq tashvishga solyapti.

Muhtaram azizlar! Haj yoki Umra safaridan qaytgan insonlar xayrli va savobli ishlarda ibrat, tejamkorlikda boshqalarga namuna bo‘lishlari o‘rniga, kutib olishdan boshlangan xarajatlar va isrofgarchiliklar hammani hayratga solyapti. Qimmatbaho avtoulovlarda kutib olish, mahallani boshidan uzundan-uzun poyondozlar to‘shash, katta pul sarflab marosimlarni to‘ylarga, ba’zan esa, Alloh bizni kechirsin shoularga aylantirib yuborish holatlari ko‘paymoqda.

O‘z onasini yoki otasini Umradan kutib olish uchun uyidan bir kilometr uzoqlikdan boshlab ko‘chaga gilamlar solishayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Hatto, bittasi ko‘chaga bir kilometrdan boshlab onasining suratlarini ilib chiqqanini ko‘ryapmiz. 

Bilasizmi, eng achinarlisi, kimdir Alloh nasib qilib, onasini Umraga yuboribdi, hammaga xo‘jako‘rsin qilib, riyo qilib, kutib olayotgan bir paytda, kimdir bemor onasiga dori topaman deb, mardikorchilik qilib yig‘layotganini ko‘z oldimizga keltira olmayapmiz.

Undan ko'ra, Umradan kelayotgan inson, "borganimdan keyin men Allohni baytini ko'rganimni shukronasiga, Payg'ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning muborak qabrlarida u zotga salom-u salovatlat aytishga Alloh musharraf qilganiga mahalladagi bir nechta kambag'al va yetimlarga yordam beraman" degan niyatda qaytishlari kerak emasmi? Ming afsuski, bu riyokorliklar dinimizda taqiqlangan amallardir. Bundan tashqari, "hoji o'tirish"larni tashkil qilish uchun bir kambag'al odam bolasining to'yiga ketadigan mablag'ni ishlatishmoqda

Qiyomat qoyin bo'lganda riyo uchun qilingan amalga hech qanday savob berilmas ekan. Payg'ambarimiz aytadilarki, meni sizlardan qo'rqadigan narsalarimdan eng qo'rqadiganim bu kichkina shirk. Shunda sahobalar Yo Rasululloh (s.a.v.) o'sha kichkina shirk nima deb so'raganlarida Payg'ambarimiz kichkina shirk bu riyo dedilar.

Demak azizlar, hozir ota-onamizga xizmat qilamiz deb riyo qilsak, uni ho'jako'rsinga qilsak qiyomatda bu amalimizga aslo savob bo'lmaydi. Shuning uchun, bunday holatlardan saqlanishga va isrofgarchilik qilmaslikka, amallarni xolis Alloh uchun qilishga harakat qilishimiz kerak.

Siz kibrlanib, eshigingiz tagida hammaga ovoza qilib, hammani ziyofatga chaqirib turgan paytingizda, boshqa bir faqir inson bolasini qanday uylash, qizini qanday uzatish haqida o‘ylab turganini unutmaslik kerak. Hammada ham Sizda bor imkoniyat yo‘qligini hisobga oling. Qolaversa, bu amallarni xolis Alloh uchun qilganingizda, savobi ko‘proq bo‘lardik. Boshqalar ko‘rishi, eshitishi uchun qilinadigan har qanday amal katta gunoh bo‘lib, qilingan o‘sha amalning savobini yuvib tashlaydi.

Bu tadbirlarda yana katta gunohlardan biri bu isrofdir. Alloh Taolo Qur’oni karimda “Yenglar, ichinglar, lekin isrof qilmanglar. Alloh isrof qiluvchilarni sevmas” deb marhamat qilgan. Shunday holatlar bo‘lyaptiki, Umraga borgan odam qaytib kelganidan keyin Umraga borishga sarflagan pulidan 10 barobar ko‘p pul sarflab, marosim o‘tkazyapti.

Bir inson oldimga kelib aytyapti, “Umraga borishga pulim bor, lekin qaytib kelganimdan keyin odam kutib olish uchun yig‘in o‘tkazishga pulim yetmaydi. Shu sababli Umraga borolmayman”. Sharit buni talab qilmaydi. Boring, otaxon, boring onaxon! Qo‘shningizning dabdabasi sizni Umrga borishdek xayrli amaldan qaytarmasin”, - dedilar Muftiy hazrat.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 30506 | Инструменты