Toshkent markazida zararlangan 73 ta daraxt kesiladi

Toshkent shahrining markaziy ko‘chalaridagi 73 ta daraxt hasharotlar tomonidan zararlangani uchun kesib tashlanadi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.

Hokimlikning qayd etishicha, shaharning markaziy ko‘chalaridagi daraxtlar holati mutaxassislar tomonidan o‘rganilgan. Tekshiruvlar davomida 200 dan ortiq daraxtda turli kasallik va zararlanish holatlari aniqlangan. Ularning aksariyati davolanib, saqlab qolingan. Shu bilan birga, ayrim daraxtlar biologik faol bo‘lsa-da, avariya holatiga kelib qolgani va zararkunandalar taʼsirida keskin zaiflashgani maʼlum bo‘ldi.

Alohida ahamiyatga ega ko‘chalarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Dilyor Esonovning maʼlum qilishicha, boshqarma tasarrufida bo‘lgan markaziy ko‘chalardagi ko‘p yillik manzarali daraxtlar mutaxassis xodimlari tomonidan parvarish qilinadi. Yiliga olti marotaba kimyoviy preparatlar yordamida o‘simliklarning kasallik va zararkunandalariga qarshi kimyoviy ishlov berish ishlari olib boriladi.

«Shunga qaramasdan, markaziy ko‘chalarimizda yomg‘irgarchilik vaqtida manzarali daraxtlarimizni o‘z holatini yo‘qotib, yiqilib tushish holatlari tez-tez kuzatilib borilmoqda. Shunday holatlarning oldini olish maqsadida daraxtlarimizdan 270 tasiga shakl berish ishlari olib borildi. Xavf tug‘diruvchi daraxt shoxlari olinib, daraxt kesilgan joylari maxsus eritmamiz yordamida bo‘yab qo‘yish ishlari olib borildi. Tag qismi bilan olinishi kerak bo‘lgan 73 ta daraxtimiz holati o‘rganildi. 73 ta daraxtimizning tag qismi bilan olishimiz shart. Sababi, tashqi ko‘rinishida biologik holatini yo‘qotgan, ichki g‘ovak qismiga qurt-qumursqalar kirib, bir necha yillar mobaynida joylashib olgani va zarar yetkazgani aniqlandi», — deydi u.

Esonov qayd etishicha, kesilgan daraxtlar o‘rniga daraxtlar ekiladi va ushbu daraxtni parvarish qilish, daraxt holatiga keltirishni boshqarma o‘z majburiyatiga oladi — bu boshqarmaning bevosita ishi hisoblanadi.

Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Tursunpo‘lat Egamov taʼkidlashicha, daraxtlar Obodonlashtirish boshqarmasi, Ekologiya boshqarmasi va Botanika bog‘i ilmiy xodimlari bilan birgalikda ishchi guruh tuzilib o‘rganib chiqilgan.

«Avvalambor, biz zararkunandalar bilan kurashib ko‘rdik. Afsuski, ayrim daraxtlar 50 foizdan yuqori darajada zararkunandalar bilan kasallanib bo‘lgan. Foydasi yo‘q. Kesib tashlamasangiz, uning yonidagi daraxtlarga ham o‘sha zararkunandalar o‘tishi ehtimoli judayam yuqori. Shu sababli, biz shu qarorga keldik», — deydi Egamov.

Hokimlik kesish ishlari qachon amalga oshirilishini maʼlum qilmagan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 30416 | Инструменты