Umumiy qiymati 82,66 mln AQSH dollari bo'lgan mega loyiha – Toshkent metropoliteni Sergeli yo'nalishining qurilish ishlari tugay deb qoldi
Sergeli — Olmazor metro yo'nalishida relslarni o'rnatish ishlari tugatilib, bekatlarda so'nggi pardozlash ishlari olib borilmoqda. Megapolis shaharlar uchun transport kommunikatsiya tizimini rivojlantirish orqali shahar aholisiga va harakatlanayotgan avtomobillarga qulaylik yaratish juda muhim ahamiyatga ega. Markaziy Osiyoning eng yirik shahri bo'lgan Toshkentda ham Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan aholi turar joylari hamda transport infrastrukturasini rivojlantirish, yangi loyihalarni hayotga tadbiq etishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Shahrimizning katta tumanlaridan biri – Sergeli ham bugun tanib bo'lmas darajada o'zgarib ketmoqda. Bu yerda katta, zamonaviy aholi yashash mavzesi paydo bo'ldi. Oxirgi 3 yilda tumanda 19 ming 522 xonadonli 460 ta ko'p qavatli uy foydalanishga topshirildi. Namunaviy ko'rinishdagi 26 ta mahalla guzari barpo etildi. Shu davrda 100 mingdan ziyod aholi ko'chib kelib, jami aholi 276 ming nafardan oshdi.
Sergeli tumani poytaxt markazi bilan asosan Yangi Sergeli ko'chasi orqali bog'langan. Aholi soni ortib borishi esa shundoq ham ko'pincha tirband, avtobuslar tiqilinch bo'ladigan ushbu ko'chaga yanada qo'shimcha yuklama bo'ladi. Bu esa ushbu tumanda istiqomat qilayotgan aholi uchun qulay va xavfsiz transport-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirishni taqozo etadi. Bunday sharoitda yer usti metrosi juda qo'l keladi.
Umumiy qiymati 82,66 million AQSH dollari bo'lgan ushbu mega loyihada dastlabki qurilish ishlari 2017 yil boshida boshlangan edi. Mazkur loyiha “Boshtransloyiha” aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari tomonidan tayyorlangan bo'lib, bunyodkorlik ishlari “O'zbekiston temir yo'llari” aksiyadorlik jamiyatining “Ko'prikqurilish tresti” unitar korxonasi mutaxassislari tomonidan bajarilmoqda.
Loyiha “Choshtepa”, “Toshkent halqa yo'li”, “Sergeli”, “Afrosiyob” va “Qipchoq” bekatlaridan iborat. Bugungi kunda ushbu ob'ekt qurilish ishlarida 1 ming 200 ga yaqin mutaxassislar va ishchi-xodimlar, yuzdan ortiq mashina va texnikalardan foydalanilmoqda.
E'tiborlisi quruvchilar tomonidan hozirgacha “Choshtepa”, “Toshkent halqa yo'li”, “Sergeli”, “Afrosiyob” va “Qipchoq” bekatlarida asosiy qurilish ishlari yakunlanib, tashqi va ichki qismlarga bezak berish ishlari amalga oshirilmoqda. Shu kungacha bekatlar oralig'idagi ikki yo'lli po'lat izlarning jami 12,8 kilometr qismiga temir yo'l izlari to'liq yotqizildi. Ta'kidlash lozimki, “Choshtepa” bekati Chilonzor yo'nalishidagi “Olmazor” yer osti bekati bilan bog'lanadi. Belgilangan loyihaning ushbu murakkab yechimini amalga oshirishda quruvchi temiryo'lchilar katta mehnat qilishdi.
Ushbu yo'nalishning tunnel qismi Toshkent metropolitenining Chilonzor yo'nalishidagi “Olmazor” yer osti bekatiga ulandi. E'tiborlisi “Choshtepa” bekati yangi liniyaning dastlabki estakada shaklidagi bekati bo'ladi. Undan keyin esa “Toshkent halqa yo'li” bekati keladi. Ushbu yo'nalish “Sergeli”, “Afrosiyob” va “Qipchoq” bekatlari bilan yakun topadi. Bu bekatlarda ham yerda asosiy qurilish ishlari tugatilib, perronlarni pardozlash, eskalator o'rnatish, metro poyezdlari uchun elektr energiyasini montaj qilish, elektr yoritish uchun kommunikatsiya kabellarini ulash ishlari olib borilmoqda.
O'tgan vaqt davomida loyiha smeta hujjatlarida ko'rsatilgan 1 ming 484 dona temir-beton balkalarning barchasi 100 foizga o'rnatildi. Shuningdek, 222 dona tayanch ustun rigeli, 223 dona tayanch ustunning sifatli va mustahkam holda o'rnatilishi yakuniga yetdi. Ushbu loyihani sifatli va mustahkam barpo etish va yo'lovchilar uchun zamon talablariga mos sharoitlar yaratish maqsadida qurilish va muhandislikning turli yo'nalishlaridagi tajribali mutaxassislar tomonidan barpo etilayotgan barcha yer usti metro bekatlarining bezaklarida zamonaviy qurilish materiallaridan foydalanilib, milliy me'moriy ko'rinishini ko'rkam holatga keltirishadi.
Bekatlarning kirish, chiqish hududlari ko'rinishi jihatidan bir-birini takrorlamaydi, ya'ni o'ziga hos rang-barang me'morchilik asosida barpo etilmoqda. Ayniqsa, perron qismiga ishlatilgan qurilish mahsulotlari ko'rinishi, rangi va turi bo'yicha bir-biridan farq qiladi. Yo'lovchilar uchun ham katta qulayliklar yaratilishi ko'zda tutilgan. Xususan, imkoniyati cheklanganlar uchun bekatlar platformasida xavfsiz taktil plitkalar yotqizilishi hamda yo'lovchilarning platformalarga ko'tarilishi uchun zamonaviy lift va eskalator, xavfsizlikni ta'minlash maqsadida esa bekatlarga zamonoviy video-kuzatuv uskunalari, IT rusumdagi turniketlar hamda elektr tejaydigan yoritish chiroqlari o'rnatiladi. Mobil aloqa uskunalari uchun elektr quvvatlagichlar bo'ladi.
Qurilish obyektlariga sifatli materiallarning o'z vaqtida yetkazilishi bunyodkorlik ishlarini tez va mustahkam barpo etilishiga zamin yaratmoqda. Ishchi-xodimlarning mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi qoidalariga hamda balandlikda ishlashda xavfsizlik talablariga to'liq rioya etishiga katta ahamiyat qaratilmoqda. Har bir mutaxassis va xodim koronavirus pandemiyasidan saqlanish maqsadida sanitariya va gigiyena talablariga qat'iy rioya etgan holda faoliyat olib bormoqda.
Sergeli metro yo'nalishida qurilish ishlari to'liq tugatilgach, “O'zbekiston temir yo'llari” aksiyadorlik jamiyati va Rossiyaning “Metrovagonmash” aksiyadorlik jamiyati o'rtasidagi kelishuvga ko'ra Toshkent shahridagi yer usti metropoliteni uchun har biri 4 vagondan iborat metro poyezdlari mazkur yangi yo'nalishda harakatlanadi.
Ushbu loyiha yakuniga yetgach 214 ta yangi ish o'rni ham yaratiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 40516 | Инструменты