Huawei 1
Xalal berayotgan daraxtlarni kesishni so’ragan fuqaro murojaati o’rganildi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga Navoiy viloyatining Zarafshon shahrida yashovchi fuqaro R. Idiyev Zarafshon shahrining «Geolog» MFY hududidagi o‘ziga tegishli bo‘lgan bino-inshootiga 4 tup qayrag‘och daraxti xalal berayotganligi va bu daraxtlarni kesishga ruxsatnoma ololmayotgani bo‘yicha murojaat qildi.

Ta’kidlanishicha, R.Idiyev bundan avval ham mazkur masala bo‘yicha  Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasiga murojaat qilgan va boshqarmaning Zarafshon shahri bo‘limi mutaxassislari tomonidan joyiga chiqib o‘rganish olib borilgan. 

O‘rganish davomida murojaatda ko‘rsatilgan joyda ko‘p yillik 4 tup qimmatbaho navli qayrag‘och daraxti sog‘lom o‘sib turganligi aniqlanib, fuqaroga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi 46-son Farmoniga muvofiq davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga muddatsiz moratoriy joriy qilinganligi sababli daraxtlarni kesish rad etilganligi to‘g‘risida  tegishli tartibda xulosa berilgan.

Shunga qaramasdan, fuqaro daraxtlar o‘ziga tegishli avtoturargohga zarar berayotgani va zarar miqdorini Ekologiya boshqarmasi to‘lab berishi kerakligi yuzasidan sud organlariga murojaat qilgan va unga rad javobi berilgan.

Fuqaro bu qarorlardan norozi bo‘lib, Ekologiya vazirligiga murojaat qildi. Mazkur masalani o‘z vaqtida o‘rganish va fuqaroga yana bir bor to‘g‘ri tushuntirish maqsadida vazirlik tomonidan ishchi guruh tuzildi. Ishchi guruhga vazirlik mas’ul xodimlari bilan birgalikda Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi inspektorlari, tuman hokimligi va Davlat kadastrlar palatasi Zarafshon shahar bo‘limi xodimlari jalb etilib, OAV vakillari va blogerlar ishtirokida joyiga chiqqan holda o‘rganish olib borildi. 

O‘rganishlar natijasida qimmatbaho navli 4 tup qayrag‘och daraxtlari korxonaga qarashli avtoturargoh va bino inshootlariga hech qanday xalal qilmayotgan holda sog‘lom tarzda o‘sib turganligi ma’lum bo‘ldi. 

Shuningdek, Zarafshon shahrida yashovchi fuqarolar va mahalliy jurnalistlar ham ushbu murojaatda ko‘rsatilgan daraxtlarni kesishga qarshi ekanliklarini bildirishdi.

Mazkur masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi 46-sonli farmoniga muvofiq, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatbaho navlari kesilishiga qarshi moratoriy e’lon qilinganligi sababli ushbu hududda joylashgan daraxtlarni kesish rad etilganligi to‘g‘risida fuqaroga tushuntirish ishlari olib borilib, dalolatnoma tuzildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122210 | Инструменты