Xorazmda chiqindixonadan chaqaloq murdasi topildi
Ijtimoiy tarmoqlarda "Xorazmda yangi tug‘ilgan chaqaloqni musorga tashlab ketilgani" nomli tanqidiy video tarqaldi. Holat yuzasidan Xorazm viloyati prokuraturasi o‘rganish ishlarini olib bordi.
Ma'lum qilinishicha, 1-yanvar kuni Urganch shahar, A.Temur va Gurlan ko‘chalari o‘rtasida joylashgan chiqindi tashlash joyidan o‘lik holatda, yetilmagan, qiz jinsiga mansub chaqaloq murdasi topilgan.
Mazkur holat yuzasidan Urganch shahar prokuraturasi tomonidan o‘tkazilayotgan tergovga qadar tekshiruvda tayinlangan Respublika sud-tibbiy ekspertizasi ilmiy-amaliy Markazi Xorazm filialining 2-sonli xulosasida shaxsi noma’lum chaqaloqning o‘limiga yetilmaganlik va hayotga layoqatsizlik sabab bo‘lganligi ko‘rsatilgan.
Shuningdek, ekspert xulosasiga ko‘ra, chaqaloq ona qornida 5,5 - 6 oy yashagan bo‘lishi mumkinligi, chaqaloq murdasida tan jarohatlari aniqlanmagan. Chaqaloqning murdasidan olingan qon va homila yo‘ldoshida homiladorlikni jarrohlik aralashuvisiz erta tugatishda qo‘llaniladigan sintetik preparat “mifepriston” dori vositasi qoldiqlari topilgan.
Tekshiruv davomida chaqaloqning onasi aniqlanmagan. Hozirda tergovga qadar tekshiruv Urganch shahar prokuraturasi tomonidan davom ettirilmoqda, tekshiruvning borishi viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 91111 | Инструменты