O'zbekistonda YouTube monetizatsiyasining cheklovi olib tashlanishi mumkin
Prezident administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Komil Allamjonov AQSHning O‘zbekistondagi elchisi bilan YouTube monetizatsiyasining cheklanishi yuzasidan uchrashuv o‘tkazdi.
Xabarga ko‘ra, uchrashuvda ko‘plab loyihalar yuzasidan fikr almashilgan. Xususan, Google (YouTube) kompaniyasi bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va bu orqali axborot sohasiga oid ayrim muammolarni birgalikda hal etish masalalari muhokama qilingan.
Qayd etilishicha, ko‘plab blogerlardan YouTube monetizatsiyasining cheklanishi yuzasidan murojaatlar kelib tushgan. Shu bois uchrashuvda elchi bilan ushbu kompaniya vakillari bilan uchrashuv tashkil etish va vaziyatni o‘rganish bo‘yicha kelishib olingan.
Ta’kidlash joizki, YouTube monetizatsiyasidagi cheklovning olib tashlanishi O‘zbekistonda internet reklama bozori rivojlanishiga katta imkoniyat yaratadi.
Ma'lumot uchun, YouTube 2021-yil aprel oyidan boshlab o‘zbek auditoriyasi uchun kanal mualliflarini moddiy rag‘batlantirishni to‘xtatgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 73019 | Инструменты