Zarur dorixona amaliyoti (GPP) sertifikatini olish muddati uzaytirildi

Aholini sifatli va xavfsiz dori vositalari bilan taʼminlash uchun ular xalqaro darajada eʼtirof etilgan standartlar asosida ishlab chiqarilishi, saqlanishi, laboratoriya ekspertizasidan va klinik tekshiruvlardan o‘tishi kerak. Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida farmatsevtika mahsulotlarining ushbu talablarga muvofiqligini taʼminlash maqsadida GxP konsepsiyasi joriy etilgan.  

GxP o‘zi nima?

GxP – bu farmasevtika sanoatining turli yo`nalishlaridagi “zarur amaliyotlar”, shu jumladan Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP), Zarur distribyutorlik amaliyoti (GDP), Zarur laboratoriya amaliyoti (GLP), Zarur klinika amaliyoti (GCP), Zarur farmnazorat amaliyoti (GVP), Zarur farmasevtika (dorixona) amaliyoti (GPP) ni o`z ichiga olgan yaxlit standartlar tizimi.

2019-yildan boshlab mamlakatimiz farmasevtika tarmog`ida ushbu standartlarni bosqichma-bosqich joriy etish bo`yicha amaliy ishlar boshlanib, bu borada qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-apreldagi 5707-son Farmoniga binoan farmatsevtika tarmog‘i va respublika sog‘liqni saqlash tizimidagi tashkilotlar 2022-yil 1-yanvarga qadar tegishliligi bo‘yicha GxP talablariga muvofiq majburiy sertifikatlashtirilishi lozimligi belgilangan edi. Keyinchalik bu muddat 2024-yil 1-yanvarga qadar uzaytirildi. 

Davlat rahbarining joriy yil 23-yanvardagi “Farmatsevtika sohasini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni bilan esa mahalliy korxonalarda GxP standartlarini joriy etish uchun yangi muddat belgilandi. Xususan, mazkur hujjatga asosan: 

— farmatsevtika mahsulotlarini ulgurji sotish bilan shug‘ullanuvchi barcha mahalliy korxonalar 2024-yil 1-iyulga qadar Zarur distribyutorlik amaliyoti (GDP) milliy talablariga muvofiq majburiy sertifikatlashtirilishi;

— farmatsevtika mahsulotlarini chakana sotish bilan shug‘ullanuvchi tarmoqli dorixonalar 2025 yil 1 yanvarga qadar hamda boshqa dorixonalar 2026-yil 1-yanvarga qadar Zarur dorixona amaliyoti (GPP) milliy talablariga muvofiq majburiy sertifikatlashtirilishi;

 — 2024-yil 1-iyuldan boshlab, yangi tashkil etiladigan dori vositalari va tibbiy buyumlar saqlanadigan bojxona omborlari va erkin omborlar majburiy ravishda “Zarur saqlash amaliyoti - GSP” talablariga muvofiq tashkil etilishi;

— hamda 2026-yil 1-yanvardan boshlab GSP talablariga muvofiqlik bo‘yicha sertifikatga ega bo‘lmagan bojxona omborlari va erkin omborlarda dori vositalarini saqlash taqiqlanishi belgilab qo‘yildi.

"Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-avgustdagi 486-sonli qaroriga muvofiq, farmatsevtika mahsulotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish, texnik jihatdan tartibga solish va farmatsevtika tarmog‘iga ilgor xorijiy amaliyot va xalqaro standartlarni tatbiq etish bo‘yicha ishlar muvofiqlashtirilishini taʼminlash maqsadida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi huzurida Zarur amaliyotlar markazi tashkil etildi", — deydi Zarur amaliyotlar markazi direktori Aziz Dusmatov. 

"2023-yil davomida Markaz tomonidan 139 ta GxP sertifikatlari rasmiylashtirilgan, 16 ta korxonalarga sertifikat berish rad etildi", — deydi mutaxassis. 

Bundan tashqari, GMP talablariga muvofiqlik yuzasidan mahalliy korxonalarda jami 41 ta va xorijiy korxonalarda 35 ta, GDP talablariga muvofiqlik yuzasidan 318 ta, GPP talablariga muvofiqlik yuzasidan 4 ta, GSP talablariga muvofiqlik yuzasidan 2 ta inspeksiya amalga oshirilgan.

Shu bilan birga, 11 ta dori vositasi ishlab chiqaruvchi korxonalarga jami 75 ta (farmatsevtika mahsulotiga sertifikat - CPP) sertifikatlari rasmiylashtirildi. 

GxP standartlarining yurtimizda joriy etilishi nima beradi?

GxP standartlarini joriy etishning bir qancha afzalliklari bor. Jumladan, bunda aholi sifatli, xavfsiz va bezarar dori vositalari bilan taʼminlanishi kafolatlanadi, farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligiga bo‘lgan ishonch kuchayadi. Shuningdek, korxonalarda xalqaro talablarga javob beradigan sifat tizimi yaratiladi, mahalliy maxsulotlarning raqobatbardoshligi oshib, milliy farmatsevtika tarmog‘ining xalqaro maydondagi obro‘si yuksaladi.

Izohlar: 2
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 40614 | Инструменты