Huawei 1
Aziz Abduhakimov O'zbekiston shaxmat federatsiyasiga rais etib saylandi

Bosh vazir o'rinbosari Aziz Abduhakimov O'zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi etib saylandi.

30 yanvar kuni Shaxmat federatsiyasida navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi doirasida Bosh vazir o'rinbosari Aziz Abduhakimov O'zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi etib saylandi.

Ma'lumki, 2021 yilning 14 yanvar kuni O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaror qabul qilindi. Ushbu qarorda yurtimizda shaxmatni rivojlantirish bilan bog'liq vaziyat va undagi kamchiliklar inobatga olingan holda, 2025 yilga qadar shaxmatni rivojlantirish yo'lida erishilishi kerak bo'lgan asosiy vazifalar va maqsadlar belgilangan.

“Prezident tashabbusi bilan ilgari surilgan ushbu loyiha O'zbekistonda shaxmatni ommaviy sport turiga aylantirishga yo'naltirilgan bo'lib, unda O'zbekiston shaxmat maktabi poydevorini mustahkamlash va mamlakatni dunyoda yetakchilardan biriga aylantirish ko'zda tutilgan. Hamyurtlarimiz, jahon chempionlari Rustam Qosimjonov, Nodirbek Abdusattorov, aka-uka Javohir va Islom Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev va boshqalarni bugun butun dunyoda yaxshi tanishadi. Ularning ortidan yana ko'plab yosh va iqtidorli shaxmatchilar yetishib chiqmoqda va bu o'zbek shaxmatining ertangi kuni ishonchli qo'llarda ekanligidan darak beradi. “Aql gimnastika”si bo'lmish shaxmat o'sib kelayotgan yosh avlodning mantiqiy tafakkur darajasini o'stirishga xizmat qiladi. Shaxmat kishidan yuksak aql-zakovat, sabr-matonat va iroda talab qiladigan g'oyat murakkab sport turidir. Ushbu sport turi bilan shug'ullangan inson murakkab vaziyatlarda to'g'ri va oqilona yechim topishni o'rganadi”, - dedi Aziz Abduhakimov.

Ma'lum qilinishicha, yangi qaror ijrosi doirasi O'zbekistonda shaxmatni rivojlantirish yo'lida quyidagi ishlar amalga oshiriladi:

- Iqtidorli yosh shaxmatchilarni tanlash va saralash tizimi takomillashtiriladi, bolalar va kattalar o'rtasida shaxmat ommalashtiriladi, bolalar va o'smirlar shaxmat maktablari tashkil etiladi.  

- Professional shaxmatchilarni tayyorlash, musobaqa g'oliblari, murabbiylar va hakamlarni pul mukofotlari shaklida rag'batlantirish bo'yicha zamonaviy yondashuvlar joriy etiladi.

- Imkoniyati cheklangan shaxmatchilarga ham alohida e'tibor qaratiladi. Milliy paralimpiya assotsiatsiyasi tarkibida alohida shaxmat bo'limi tashkil etiladi.

- “Maktabda shaxmat” loyihasini amalga oshirish doirasida keyingi o'quv yilidan boshlab shaxmat bo'yicha mashg'ulotlar 150 ta maktabda joriy etiladi.

- Davlat-xususiy sheriklik asosida 25 ta yangi shaxmat maktabi va klublari tashkil etiladi. Faoliyat yuritayotgan shaxmat bo'limlari soni 20 foizga ko'payadi va ularda tahsil olayotgan bolalarning umumiy soni 10 500 nafarni tashkil qiladi, bugungi kunda ularning soni 8 000 nafarga yaqin.

- Andijon, Buxoro, Jizzax, Qarshi, Samarqand, Namangan, Termiz, Farg'ona shaharlari, shuningdek, Qoraqalpog'iston Respublikasining Taxiatosh tumani, Navoiy viloyatining Xatirchi tumani, Sirdaryo viloyatining Boyovut tumani, Toshkent viloyatining Qibray tumani, Xorazm viloyatining Hazorasp va Toshkent shahrining Shayxontohur tumanlarida shaxmatni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratiladi.

- O'zbekistonda ko'plab shaxmat musobaqalari o'tkaziladi, unda professionallar va havaskorlar

o'z kuchlarini sinab ko'rishi mumkin. Toshkent shahrida O'zbekiston Prezidenti sovrini uchun Shaxmat bo'yicha xalqaro turnir, o'zbekistonlik birinchi grossmeyster Georgiy A'zamov xotirasiga bag'ishlangan xalqaro turnir, XVII jahon chempioni Rustam Qosimjonov sharafiga xalqaro turnir, Samarqandda “Sohibqiron kubogi”, Xivada “Al-Beruniy”, Buxoro va Termizda “Turizm va shaxmat haftaligi” xalqaro turnirlari tashkil etiladi.

- Bolalar uchun “Mahalla kubogi”, “Shoxruh”, kattalar uchun “Shaxmat oilasi”, rasmiylar uchun esa “Shaxmat kunlari” bo'lib o'tadi.

- O'zbekiston shaxmat federatsiyasida loyihalarni moliyalashtirish uchun Shaxmatni ommalashtirish va rivojlantirish jamg'armasi tashkil etiladi.

- 2021 yil 1 mayga qadar mamlakatda uzchess.uz deb nomlangan onlayn musobaqalar uchun platforma, shuningdek, shaxmatchilar, murabbiylar va o'quvchilarning yagona elektron ma'lumotlar bazasi ishlab chiqiladi.

Davlat dasturini amalga oshirishga O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari Aziz Abduxakimov boshchiligidagi Shaxmatni jadal rivojlantirish bo'yicha respublika kengashi rahbarlik qiladi. Mamlakatdagi shaxmat bilan bog'liq vaziyatdagi kamchiliklarni bartaraf etish zarurligini inobatga olgan holda, Aziz Abduhakimov O'zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi etib saylandi. Shuningdek, har bir hududda shaxmatni jadal rivojlantirish bo'yicha Hududiy ishchi guruhlar tuziladi, ularga tegishli viloyat hokimlari rahbarlik qiladi.

Aziz Abduhakimovning ma'lum qilishicha, 2025 yilgacha shaxmatni rivojlantirish bo'yicha davlat dasturining amalga oshirilishi natijasida aholining 3 foizi doimiy ravishda shaxmat bilan shug'ullanadi. Ayni damda ushbu ko'rsatkich 0,8 foizni tashkil qilmoqda.

Bugungi kunda O'zbekiston dunyoning 162 mamlakati orasida 30-o'rinni egallab turibdi, 2025 yilga borib esa mamlakatimiz Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) reytingining birinchi o'ntaligiga kirishni maqsad qilingan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga