Belbogʻli kurash: polvonlarimiz jahon chempionatida 13ta medalga sazovor boʻlishdi

Shu yilning 9-13-dekabr kunlari Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida belbogʻli kurash (borba na poyasax) boʻyicha kattalar oʻrtasida jahon chempionati boʻlib oʻtdi.

Jahon chempionatida erkaklar va ayollardan iborat terma jamoamiz munosib ishtirok etdi. Taʼkidlash kerak, polvonlarimizni ushbu musobaqaga taniqli murabbiy Aʼzamjon Shokirjonov tayyorladi.

Quvonarlisi, dunyoning 35ta davlatidan yigʻilgan eng sara sportchilar orasida polvonlarimiz 3ta oltin hamda 5tadan kumush va bronza medallarini qoʻlga kiritishgan holda umumjamoa hisobida faxrli 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Belbogʻli kurashning erkin yoʻnalishida oʻtgan bellashuvlarda polvonlarimizdan 57 kggacha boʻlgan vazn toifasida namanganlik Oybekjon Hamidov, -68 kg.da andijonlik Oybek Sultonov hamda qizlarda -52 kg. vaznda Farangiz Abdunabiyeva (Sirdaryo) oltin medalga sazovor boʻlishdi.

Shuningdek, jahon chempionatida -82 kgda Husniddin Roʻziyev (Andijon), -100 kgda Aʼzamjon Anvarjonov (Andijon), +100 kgda Sherzod Rahimov (Fargʻona), -58 kgda Manzuraoy Moʻydinova (Fargʻona) kumush medallarga ega chiqishgan boʻlishsa, -62 kgda Murodjon Rahimov (Xorazm), -52 kgda Madina Akramova (Andijon), -66 kgda Zemfira Azatova (Qoraqalpogʻiston Respublikasi) hamda +76 kgda Anife Kurtseitova (Andijon)lar 3-oʻrinni band etib, bronza medali bilan taqdirlanishdi.

Belbogʻli kurashning klassik yoʻnalishida polvonlarimizdan -62 kg vazn toifasida andijonlik Husanboy Nosirov (Andijon) 3-oʻrinni egallagan boʻlsa, +100 kgda nomdor polvonimiz Zaylobiddin Ortiqov kumush medal egasiga aylandi.

Jahon chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etgan belbogʻli kurash boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari bugun erta tongda Toshkentga qaytib kelishdi. Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida jahon chempionati gʻolib va sovrindorlarini sportchilarning oila aʼzolari, ustoz-murabbiylari, Oʻzbekiston belbogʻli kurash federatsiyasi vakillaridan iborat keng sport jamoatchiligi munosib kutib olishdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 12512 | Инструменты