Huawei 1
Rossiyalik eshkak eshuvchi O‘zbekiston sharafini himoya qiladi

Kanoe slalom bo‘yicha Rossiya terma jamoasi yetakchisi Pavel Eygel sport fuqaroligini o‘zgartirdi. Bu haqda TASS xabar berdi. Eygel O‘zbekiston terma jamoasi sharafini himoya qiladi.

«O‘zbekiston terma jamoasiga o‘tishimning asosiy sababi shundaki, o‘zimni hali ham xalqaro maydonda munosib natija ko‘rsatishga qodir bo‘lgan top sportchi sifatida his qilmoqdaman», dedi u.

35 yoshli eshkak eshuvchi o‘zini yoshi katta sportchi deb hisoblamasligini tan oldi.

«Rossiya terma jamoasi esa hozir tarkibni sunʼiy yoshartirish strategiyasiga amal qilmoqda... O‘tgan yili terma jamoaga birinchi raqamli sportchi sifatida tanlangandim, biroq barcha markazlashtirilgan yig‘inlarga faqat o‘z mablag‘im hisobidan bora olishimni aytib, meni zaxiraga o‘tkazishdi», deb shikoyat qildi Eygel. Sportchining so‘zlariga ko‘ra, u murabbiylar va federatsiya bilan gaplashmoqchi bo‘lgan, biroq muloqotdan natija chiqmagan.

Pavel Eygel 2018 yilgi jahon chempionatining bronza medali sovrindori hisoblanadi. U 2028 yilgi Los-Anjeles olimpiadasida medallar uchun kurashmoqchi ekanini maʼlum qildi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil fevralida Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan keyin sport federatsiyalari rossiyalik sportchilarni xalqaro musobaqalardan chetlatdi. Shundan so‘ng, ko‘plab rossiyaliklar sport fuqaroligini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51001 | Инструменты