Abu-Dabida Ukraina bo'yicha muzokaralarning birinchi kuni yakunlandi

4-fevral, chorshanba kuni Abu-Dabida Rossiya, AQSh va Ukraina o'rtasida Rossiyaning agressiya urushiga chek qo'yish bo'yicha uch tomonlama muzokaralarning birinchi kuni yakunlandi. Maslahatlashuvlar 5-fevralda davom etadi.

Axios nashriga bergan intervyusida ismi oshkor qilinmagan ukrainalik amaldor muzokaralarni samarali deb atadi. Muzokaralar yopiq eshiklar ortida o'tkazilmoqda.

Rossiya delegatsiyasiga Bosh shtab bosh boshqarmasi boshlig'i admiral Igor Kostyukov boshchilik qilmoqda. Ukraina delegatsiyasi rahbari Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov. AQSh delegatsiyasi tarkibiga Prezidentning maxsus elchisi Stiv Vitkoff, Donald Trampning kuyovi Jared Kushner va AQSh armiyasi kotibi Daniel Driskoll kiradi.

Politico nashrining ukrainalik va amerikalik rasmiylarga tayanib xabar berishicha, muhokamaning markaziy mavzusi hududiy masaladir.

Donbas bo'yicha kelishmovchiliklar

Moskva va Kiyev vakillari 23 va 24 yanvar kunlari Abu-Dabida AQSh tomonidan taklif qilingan Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini tugatish rejasi bo'yicha birinchi to'g'ridan-to'g'ri muzokaralarni o'tkazdilar.

Muzokara doirasidagi manbalarga ko'ra, tomonlar allaqachon bir nechta masalalar bo'yicha kelishib olishgan, ammo hududiy masala bo'yicha hali kelishuvga erisha olishmagan. Muzokaralarning birinchi bosqichidan so'ng, AQSh Davlat kotibi Marko Rubio Donbas masalasi hal qilinmagan yagona masala ekanligini tasdiqladi. Rossiya Ukraina qo'shinlarini Donbasdan olib chiqishni talab qilmoqda, Kiyev esa bu talabni rad etmoqda.

Donbas Ukrainaning bir qismi, ammo qisman Rossiya qo'shinlari nazorati ostida. Avvalroq, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy hududiy masala faqat Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan shaxsiy uchrashuv orqali hal qilinishi mumkinligini aytgan edi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 20510 | Инструменты