Bering Air aviakompaniyasining bortida o‘n kishi bo‘lgan samolyoti Alyaska ustidan uchib o‘tayotganida bedarak yo‘qoldi, deb xabar beradi CNN.
Qutqaruvchilar Unalaklitadan Nomga uchayotgan samolyotni qidirish bilan shug‘ullanmoqda. U bilan aloqa 6 fevral kuni mahalliy vaqt bilan 16:00 larda yo‘qolgan.
Bering Air aviakompaniyasining Cessna 208 Caravan samolyoti soat 14:37 da havoga ko‘tarilgan. Odatda u yerdan Nomgacha bo‘lgan parvoz bir soatni tashkil etadi. Samolyot uchishni boshlaganidan taxminan 40 daqiqa o‘tib, u bilan aloqa uzilgan, havo kemasi radarlardan yo‘qolib qolgan. Bu vaqtda samolyot Norton-Saund ko‘rfazi ustidan uchib o‘tayotgan bo‘lgan.
Samolyot bedarak yo‘qolganidan keyin u oxirgi marotaba qayd etilgan joyga qutqaruv samolyoti yuborilgan, sohilni qo‘riqlash xizmati bo‘linmalari ko‘rfaz sohillarida qidiruv ishlarini boshlagan. Qor va muzli yomg‘ir tufayli ko‘ruvchanlik yomonlashgan, shu bois qidiruv ishlari qiyinlashgan.
Avvalroq AQShda bemorni olib ketayotgan kichik tibbiy samolyot uylar ustiga qulab tushgandi. Filadelfiya shahrida qulagan kichik tibbiy samolyot Meksikaga ketayotgandi. Uning bortida to‘rt nafar ekipaj a’zosi, bir bemor va uning onasi – jami 6 kishi bo‘lgan, ulardan hech biri omon qolmagan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20723 | Инструменты