AQSH tomoni Rossiya Ukrainaga qarshi urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralardan bosh tortsa, unga nisbatan yangi sanksiyalar qo‘llashi mumkinligini ma’lum qildi. Bu haqda AQSHning BMTdagi doimiy vakili Jon Kelli xavfsizlik kengashining Ukraina bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda aytib o‘tdi.
Kellining so‘zlariga ko‘ra, Ukraina muzokaralar va murosaga tayyor bo‘lsa-da, Rossiya urushni davom ettirmoqda.
“Agar Rossiya urushni davom ettirishga qaror qilsa, AQSH muzokaralardan voz kechadi. Bu mojaroda harbiy yechim yo‘q. Hozirgi kelishuv Rossiya uchun eng maqbul variant. Prezident Putin bunga rozi bo‘lishi kerak. Urushni davom ettirish hech bir tomon manfaatiga mos emas”, degan AQSH vakili.
U shuningdek, AQSH Rossiya bilan tinchlik va iqtisodiy hamkorlikka ochiqligini bildirgan, biroq bu yo‘ldan bosh tortish Moskva uchun yangi sanksiyalar xavfini tug‘dirishini qo‘shimcha qilgan.
“Bu urushni to‘xtatish uchun ham Rossiya, ham Ukraina javobgardir. Mojaroni cho‘zishga urinayotganlar vaqt yo‘qotmoqda. Ikkala tomon ham og‘ir, lekin tarixiy qarorni – tinchlik yo‘lini tanlashi kerak”, degan Kelli.
Ushbu yig‘ilishda Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya esa G‘arbni mojaroni cho‘zishda ayblagan. U yig‘ilishda raislik qilayotgan Gretsiyani tanqid qilib, NATO va Yevropa Ittifoqiga a’zo yoki ularning ittifoqchilaridan yana besh davlat delegatsiyasi chaqirilganini, ular foydasiz chiqishlar bilan vaqtni olganini aytgan. Nebenzya G‘arb davlatlarini BMT yig‘inlaridan Rossiyani qoralovchi targ‘ibot uchun foydalanayotganlikda ayblagan va ular haqiqiy tinchlikka erishishni emas, balki “Rossiya agressiyasi” haqida yolg‘on tasvir yaratishni ko‘zlayotganini ta’kidlagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi Ukraina rahbariyati va G‘arb ittifoqchilari bu mojaroni o‘z siyosiy manfaatlari uchun cho‘zishga harakat qilmoqda.
“Ular urushni imkon qadar uzoq davom ettirmoqchi. Ammo bu ularga tobora qiyin bo‘lib boryapti, chunki AQSHning yangi ma’muriyati nihoyat ko‘zini ochdi va Zelenskiy rejimining asl mohiyatini hamda mojaroning ildiz sabablarini tushunib yetmoqda”, degan Rossiya vakili.
Nebenzya tinchlik muzokaralarini davom ettirish mas’uliyati hozirda Ukraina tomonida ekanini, Rossiya esa muntazam ravishda provokatsiyalarga duch kelayotganini aytgan.
BMTdagi Ukraina bo‘yicha doimiy vakilining o‘rinbosari Kristina Gayovishin esa Ukrainada muzokaralardan cho‘chimayotganini, aksincha Rossiya tinchlik takliflarini e’tiborsiz qoldirayotganini bildirgan. U Prezident Zelenskiy 16 may kuni Istanbulda o‘tgan muzokaralarda ishtirok etganini, Rossiyani esa past darajadagi delegatsiya vakillari egallab olganini eslatdi.
Gayovishinning aytishicha, delegatsiya tarkibi 2022 yildagi Istanbuldagi uchrashuvdagi bilan bir xil bo‘lgan, bu esa Rossiyaning pozitsiyasi o‘zgarmaganidan darak beradi.
“Ularning maqsadi Istanbuldagi muzokaralarni yana bir bor bo‘sh va rasmiyatchilik uchun o‘tkaziladigan jarayonga aylantirish”, degan Gayovishin.
U Ukraina, eng kamida 30 kunlik to‘liq va shartsiz o‘t ochishni to‘xtatishni muzokaralarni davom ettirish uchun asosiy shart sifatida ilgari surayotganini yana bir bor ta’kidlagan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 82323 | Инструменты