AQShning yangi ma’muriyati bir necha kunga Ukrainaga harbiy yordam yetkazib berishni to‘xtatib qo‘ydi va keyin qayta tikladi. Bu haqda Reuters agentligiga to‘rt xabardor manba ma’lum qildi, deya xabar beradi agentlik 3 fevral, dushanba kuni.
Bir necha kun davomida yetkazib berish to‘xtatildi
Yetkazib berish qachon to‘xtatilgani haqida aniq ma’lumot bermagan Reuters bu Donald Tramp ma’muriyati ichidagi kelishmovchiliklar tufayli sodir bo‘lganini yozadi. U 20 yanvar kuni lavozimga kirishgan. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, yetkazib berish «so‘nggi kunlarda» to‘xtatilgan va «dam olish kunlari», ya’ni 1-2 fevral kunlari qayta tiklangan.
Oq uy avvaliga Ukrainaga barcha yordamni to‘xtatmoqchi bo‘lgan, biroq keyin uning pozitsiyasi o‘zgargan, deya ta’kidlaydi Reuters. «Ma’muriyat ichida Qo‘shma Shtatlar Kiyevga o‘z zaxirasidagi qurol-yarog‘lar bilan qay darajada yordam berishni davom ettirishi kerakligi borasida kelisha olmayotgan guruhlar bor», deb yozadi agentlik va «bu qisqa pauza Tramp ma’muriyati ichidagi munozaralar shiddatining birinchi aniq belgisidir», deya xulosa qildi.
Oq uy ma’lumotga izoh berishdan bosh tortdi.
Bayden tomonidan tasdiqlangan ta’minot bir necha oy davom etadi
Reuters eslatishicha, Jo Bayden prezidentligining so‘nggi kunlarida Amerika zaxiralaridan Ukrainaga umumiy qiymati 1,25 milliard dollarlik qurol-yarog‘ yetkazib berishni ma’qullagan edi. Noyabr oyi boshida bo‘lib o‘tgan saylovlardan so‘ng Ukraina Qurolli kuchlariga AQShdan qurol yetkazib berish keskin oshdi. Agentlikning ta’kidlashicha, Bayden tomonidan ruxsat etilgan yetkazib berish kechikishlar tufayli yana bir necha oy davom etishi mumkin.
Yanvar oyi oxirida AQSh hukumati Isroil va Misrdan tashqari AQShning barcha tashqi yordam dasturlarini 90 kunga to‘xtatdi. Xususan, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali Ukrainaga yordam ko‘rsatish to‘xtatildi. 25 yanvar kuni Volodimir Zelenskiy bu choralar Kiyevga harbiy yordamga taalluqli emasligini ta’kidladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20419 | Инструменты