AQSHning B-2 Spirit strategik bombardimonchilari yuqori harbiy shaylik holatiga keltirildi. Shuningdek, nashr manbalariga ko‘ra, o‘nlab yoqilg‘i qo‘yish samolyotlari Yaqin Sharqdagi pozisiyalarga ko‘chirilgan.
O‘tgan yili B-2 Spirit bombardimonchilari Eronning yadro ob’yektlariga zarbalar berishda qo‘llanilgandi.
Qo‘shma Shtatlarning Milliy xavfsizlik bo‘yicha yuqori martabali amaldorlari Donald Trampga AQSH 21 fevraldayoq Eronga zarbalar berishga tayyorligini ma’lum qilgan.
Axios nashrining yozishicha, AQSH Eron bilan yirik urushga yaqinlashmoqda, harbiy to‘qnashuv ehtimoli 90 foiz. Nashr manbalariga ko‘ra, Eronga qarshi ehtimoliy operatsiya AQSH va Isroil ishtirokidagi bir necha haftalik kampaniya shaklida bo‘lishi mumkin.
Tramp ma’muriyati Yaqin Sharqda harbiy ishtirokini sezilarli darajada kuchaytirdi. So‘nggi kunlarda Qo‘shma Shtatlarning 50 dan ortiq qiruvchi samolyoti Yaqin Sharqqa joylashtirildi.
AQSH Eron bilan keskinlik fonida Yaqin Sharq mintaqasida USS Abraham Lincoln aviatashuvchisi boshchiligidagi zarba guruhini joylashtirgan edi. Shuningdek, Vashington mintaqada THAAD raketaga qarshi mudofaa tizimi batareyalarini joylashtirdi.
Bundan tashqari, The New York Times nashrining xabar berishicha, Vashington USS Gerald Ford aviatashuvchisi boshchiligidagi zarba guruhini Karib dengizidan Yaqin Sharq mintaqasiga yo‘naltirgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22011 | Инструменты