AQSh tarixidagi eng nufuzli va ziddiyatli siyosatchilardan biri Dik Cheyni 84 yoshida vafot etdi. U Iroqqa bostirib kirishning asosiy himoyachisi va Jorj Bush ma'muriyatining eng qudratli arboblaridan biri edi.
AQShning sobiq vitse-prezidenti, keskin konservativ qarashlari bilan tanilgan va mamlakat siyosatida eng qudratli hamda eng bahsli shaxslardan biri bo‘lgan Dik Cheyni 84 yoshida vafot etdi. Bu haqda 4-noyabr, seshanba kuni uning yaqinlari ma’lum qildi. Cheyni Iroq urushining ashaddiy tarafdori bo‘lib, AQSh tarixidagi eng ta’sirli vitse-prezidentlardan biri sifatida tanilgan edi.
U ikki prezident — Jorj Bush-katta va Jorj Bush-kichik davrida xizmat qilgan. Birinchi prezident davrida u mudofaa vaziri lavozimida ishlagan va Fors ko‘rfazi urushiga rahbarlik qilgan. Keyinchalik Bush-kichik davrida vitse-prezident sifatida “ma’muriyatning operatsion direktori” vazifasini bajargan, ya’ni davlat siyosatidagi eng muhim qarorlarning aksariyatida hal qiluvchi rol o‘ynagan. Yurak transplantatsiyasidan so‘ng ham u siyosiy faoliyatini davom ettirib, sog‘lig‘i yillar davomida zaiflashgan bo‘lishiga qaramay, faol siyosatchi bo‘lib qoldi.
Tramp haqidagi tanqid
“Amerika tarixidagi 246 yil davomida hech kim bizning respublikamiz uchun Donald Trampdan katta tahdid solmagan”, — degan edi Cheyni qizi Lizning saylovoldi kampaniyasida tayyorlangan videomurojaatida. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp “saylovni soxtalashtirish va zo‘ravonlik orqali hokimiyatda qolishga uringan”.
Ma’muriyatdan ketgan yillaridan so‘ng ham Cheyni Tramp tomonidan ko‘p bora tanqid qilindi, ayniqsa, qizi Liz Trampning 2021-yil 6-yanvarda Kapitoliy binosiga uyushtirilgan hujumdagi rolini tergov qilgan komissiyada faol qatnashganidan keyin.
2024-yilda Cheyni ko‘pchilikni hayratda qoldirib, Kamala Xarrisga ovoz berishini, Trampning Oq uyga qaytishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun shunday tanlov qilganini bildirgan edi.
Besh marta yurak huruji
Dik Cheyni besh marta yurak xurujini boshdan kechirgan, biroq har safar hayotga qaytgan. U o‘zini “qarzga olingan umr”da yashayotganini aytgan va “har tong uyg‘onganimda yana bir kun in’om etilganiga minnatdorlik bilan jilmayaman”, der edi.
Vitse-prezidentlik davrida Cheyni lavozimni tantanali, lekin cheklangan mavqedan amalda katta hokimiyatga ega siyosiy kuch markaziga aylantirdi. U Iroq, terrorizmga qarshi kurash, prezident vakolatlarini kengaytirish, energetika siyosati va boshqa muhim yo‘nalishlarda hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatgan.
U hatto o‘zining yurak stimulyatoridagi simsiz funksiyani o‘chirib qo‘yganini, chunki terrorchilar uni masofadan turib yuragini to‘xtatish uchun ishlatishidan xavotir olganini ham aytgan edi.
Cheyni umrining oxirigacha Iroq urushi tarafdori bo‘lib qoldi, ammo ko‘plab bashoratlari noto‘g‘ri chiqqanini tan olishga majbur bo‘ldi. U Saddam Husaynning terrorchilar bilan aloqasi borligini da’vo qilgan, biroq bu tasdiqlanmadi. Shuningdek, amerikaliklarni Iroqda “ozod qiluvchi” sifatida kutib olishadi degan fikri ham o‘zini oqlamadi.
2005-yilda u “Iroqda isyon so‘nmoqda” degan bayonot bergan, holbuki o‘sha paytga kelib 1600 dan ortiq amerikalik askar halok bo‘lgan edi — bu esa keyingi yo‘qotishlarning yarimidan ham kam.
Bushning ikkinchi prezidentlik muddatining oxiriga kelib Cheynining ta’siri kamaydi: sud qarorlari prezident vakolatlarini kengaytirish va qattiq so‘roq usullarini chekladi. Shuningdek, uning Eron va Shimoliy Koreyaga nisbatan keskin siyosati ham to‘liq qo‘llab-quvvatlanmadi.
Mojarolar va obro‘ga tushgan soya
2006-yilda ov paytida Cheyni tasodifan o‘z do‘sti Garri Uittingtonni o‘q bilan yaralab qo‘ydi. Uittington ko‘kragi, bo‘yni va yuzidan jarohat oldi. Cheyni bu hodisani “hayotimdagi eng og‘ir kunlardan biri” deb atagan. Do‘sti uni kechirgan bo‘lsa-da, voqea uzoq vaqt davomida kinoya va hazil mavzusiga aylangan edi.
Cheyni yopiq, soya ostida boshqaruvchi siyosatchi sifatida tanilgan. U o‘zi haqida shunday degan edi: “Men burchakda o‘tirgan yovuz dahomi? Aslida bu — ishlashning qulay usuli.”
Kongressdan Halliburton kompaniyasigacha
Cheynining siyosiy faoliyati 1968-yilda Kongress stipendiyasi orqali Vashingtonga kelganida boshlandi. U kongressmen Donald Ramsfeldning shogirdi bo‘ldi, u bilan birga ikki idorada va Jeral’d Ford ma’muriyatida ishladi. 34 yoshida u Oq uy apparati rahbari lavozimiga tayinlandi — bu lavozimni egallagan eng yosh shaxs edi.
Bir yil va to‘rt oy o‘tgach, Cheyni sog‘lig‘idagi muammolarga qaramay, Vayoming shtatidan Kongressga saylovlarda ishtirok etish uchun qaytib keldi. U hazil tariqasida “Cheynini qo‘llab-quvvatlovchi yurak xastalari klubi” tashkil etganini aytgan. Saylovda g‘alaba qozonib, keyingi besh marotaba qayta saylangan.
1989-yilda u Jorj Bush-katta davrida Mudofaa vaziri etib tayinlandi va Fors ko‘rfazi urushida Pentagonni boshqardi. Keyinroq u Dallasda joylashgan Halliburton kompaniyasi — neft sanoatiga xizmat ko‘rsatuvchi yirik muhandislik va qurilish korporatsiyasini boshqardi.
Oila va so'nggi yilar
Siyosatdan ketgach, Cheyni Vayoming shtatining Jekson-Xoul shahrida yashadi. Uning qizi Liz Cheyni otasining sobiq o‘rni — Kongressdagi mandatni egalladi. 2022-yilda Liz Trampga qarshi tanqidiy pozitsiyasi va Kapitoliy voqealari bo‘yicha surishtiruvdagi faol ishtiroki bilan mashhur bo‘ldi. Ammo bu unga partiya ichidagi saylovlarda yordam bermadi — u respublikachilar orasida mag‘lubiyatga uchradi.
Dik Cheyni Nebraskaning Linkoln shahrida tug‘ilgan. Uning otasi Qishloq xo‘jaligi vazirligida ishlagan. U Vayoming shtatining Kasper shahrida ulg‘aygan, maktabda bitiruvchilar sinfi prezidenti va amerikan futboli jamoasi sardori bo‘lgan.
Cheyni Yel universitetiga grant asosida o‘qishga kirgan, biroq bir yildan so‘ng past baholar tufayli o‘qishni to‘xtatgan. Keyinchalik Vayoming universitetini tamomlagan. U maktabdagi sevgilisi Linn Enn Vinsent bilan munosabatlarini tiklab, 1964-yilda u bilan turmush qurgan. Cheynidan rafiqasi va ikki qizi — Liz va Meriy qoldi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110503 | Инструменты