Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida O‘zbekiston fuqarosi yo‘l-transport hodisasiga uchradi, shundan so‘ng u komaga tushib qoldi. Bu haqda AKIpress uning onasi Dilafruz Karimovaga tayanib xabar berdi.
O‘zbekistonlik ayolning aytishicha, uning qizi poytaxt tibbiyot kolleji talabasi. Karimova qizini vataniga qaytarishga harakat qilmoqda va shu munosabat bilan O‘zbekiston rasmiylaridan yordam so‘ragan.
Bishkek Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, YTH joriy yilning 2 aprel kuni Isakeeva ko‘chasida sodir bo‘lgan. Kunduzgi soat 13:30 da 2000 yilda tug‘ilgan G.A. yo‘lni kesib o‘tayotganida 1999 yilda tug‘ilgan T.A boshqaruvidagi Hyundai Sonata rusumli avtomashina uni urib yuborgan.
Jabrlanuvchi Milliy shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 312-moddasi (transport vositasini boshqarayotgan shaxs tomonidan transport vositalari harakati va ulardan foydalanish qoidalarini qasddan yoki ehtiyotsizlik bilan buzish, oqibatda sog‘liqqa og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi ochilgan. Haydovchi vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.
Tergov jarayonida gumonlanuvchi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan, uning spirtli ichimliklar va giyohvand moddalar ta’sirida bo‘lgani aniqlanmagan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51717 | Инструменты