Huawei 1
BMT Bosh assambleyasi Isroilni Falastin hududini tark etishga chaqirdi

Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo davlatlar 18 sentabr, chorshanba kuni Isroilning Falastin hududlarini bosib olishini 12 oy ichida to‘xtatish va rezolyutsiyaga rioya qilmagan taqdirda sanksiyalar qo‘llashni talab etuvchi rezolyutsiyani qabul qilish uchun ovoz berdi. Hujjatni 124 davlat qo‘llab-quvvatladi, 14 davlat qarshi ovoz berdi, yana 43 davlat betaraf qoldi. Isroil rezolyutsiyani «buzilgan» va «bema’ni» deb atadi.

Rezolyutsiyada Isroil qo‘shinlarini Falastin hududidan olib chiqib ketish, yangi aholi punktlari qurilishini to‘xtatish, bosib olingan yer va mulklarni qaytarish, shuningdek, ko‘chirilgan falastinliklarning qaytishi talab qilinadi. Majburiy bo‘lmagan hujjat Xalqaro sudning 1967 yildan beri bosqinchilik «noqonuniy» ekanligi haqidagi maslahat xulosasiga asoslanadi.

Rezolyutsiya Falastin delegatsiyasi tomonidan 2024 yilning may oyida BMT organlaridagi huquqlari kengaytirilganidan keyin birinchi marta kiritilgan. Falastin ma’muriyatining BMTdagi doimiy kuzatuvchisi Riyod Mansurning aytishicha, hujjatdan maqsad «xalqaro hamjamiyatning Bosh assambleyadagi bosimi va Xalqaro sudning tarixiy qarori bosimidan foydalanib, Isroilni o‘z xatti-harakatlarini o‘zgartirishga majbur qilish».

Isroil rezolyutsiya haqida: «Sharmandali qaror»

Isroil rezolyutsiyani keskin rad etdi. Isroilning BMTdagi doimiy vakili Dani Danon ovoz berishni «Falastin ma’muriyatining diplomatik terrorizmini qo‘llab-quvvatlovchi sharmandali qaror» deb atadi. «Bosh assambleya 7 oktyabr qirg‘inining bir yilligida Hamasni qoralash va qolgan barcha garovga olinganlarni ozod qilishga chaqirish o‘rniga, Hamas qotillarini qo‘llab-quvvatlayotgan Falastin ma’muriyati ohangida raqsga tushishda davom etmoqda», — dedi Danon.

Isroil Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Oren Marmorshteyn ijtimoiy tarmoqda: «Xalqaro siyosat shunday ko‘rinishga ega», deb yozdi. Marmorshteynning so‘zlariga ko‘ra, bu «voqelikdan ajralgan, terrorizmni rag‘batlantiradigan va tinchlik imkoniyatlariga zarar yetkazadigan buzilgan yechim».

O‘z navbatida, AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild ovoz berishdan oldin rezolyutsiyani «g‘azablantiruvchi» deb qoraladi va «tinchlik ishini ilgari surmaydi» dedi. Tomas-Grinfild: «Rezolyutsiyada, jumladan, terrorchi tashkilot bo‘lmish Hamas hozirda G‘azoda hokimiyat, nazorat va ta’sir o‘tkazayotgani tan olinmaydi», dedi. AQSh, Vengriya, Chexiya, Argentina va boshqa bir qancha davlatlar rezolyutsiyaga qarshi ovoz berdi. Germaniya betaraf qoldi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91923 | Инструменты