Huawei 1
BMT: Insonparvarlik yordami qisqarsa, ko‘pchilik halok bo‘ladi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Gumanitar masalalar bo‘yicha boshqarmasi rahbari Tom Fletcher dunyo bo‘ylab 300 million kishi yordamga muhtoj bo‘lgan paytda insonparvarlik yordami mablag‘larining qisqarishi butun dunyoni “zilzila kabi larzaga solayotgani” ni aytdi. Fletcher AQSHdan tashqari boshqa davlatlarning ham moliyaviy yordami qisqartirayotganini ta’kidladi.

“Gumanitar yordamning qisqarishi G‘azo, Sudan, Suriya, Ukraina va boshqa hududlardagi odamlarga kamroq yordam ko‘rsatilishiga olib kelishi mumkin. Buning oqibatida ko‘plab odam halok bo‘lish xavfi bor. Gumanitar hamjamiyatlar hozir ko‘plab yordam dasturlarini to‘xtatmoqda. Xodimlar ishdan bo‘shatilmoqda. Taxminimcha, nodavlat notijorat tashkilotlaridagi gumanitar masalalar bo‘yicha xodimlarning 10 foizi 2025-yilning fevral oyi davomida ishdan bo‘shatildi”, deb ta’kidladi Fletcher 12-mart kuni Nyu-Yorkdagi BMT bosh qarorgohida o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Fletcher, shuningdek, o‘tgan oyda G‘azoga qilgan tashrifi haqida alohida to‘xtalib, Isroilning mintaqaga kirayotgan barcha oziq-ovqat, dori-darmon, yoqilg‘i va boshqa tovarlarni qayta blokada qilishi natijasida resurslarning juda tez tugab borayotgani aniq ekanini ta’kidladi.

“Yoqilg‘i kelmasligi sababli inkubatorlar o‘chirilmoqda. Bu tez orada yana gumanitar inqirozga olib kelishi mumkin. Tashrifim davomida ko‘rgan birinchi hayratlanarli narsa — bu vayronalar orasida odam jasadlarini qidirib yurgan itlar edi”, dedi u.

Matbuot anjumani AQSH Davlat kotibi Marko Rubio USAID dasturlarining butun dunyo bo‘ylab 83 foizini bekor qilish to‘g‘risida xulosaga kelganini e’lon qilganidan bir necha kun o‘tib bo‘lib o‘tdi.

Fletcher AQSHning butun dunyo aholisiga ko‘rsatgan yordamlarini e’tirof etdi: “Shuni aytishim mumkinki, yillar davomida AQSH gumanitar superkuch bo‘ldi va AQSH mablag‘lari yuz millionlab odamlarning hayotini saqlab qoldi”.

Fletcher aynan qaysi davlatlar yordamni qisqartirgani haqida batafsil ma’lumot bermagan.

Xususan, 2025-yilning fevral oyi oxirida Buyuk Britaniya o‘z harbiylariga to‘lanadigan maosh miqdorini oshirish uchun yordam xarajatlarini qisqartirganini e’lon qildi.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Keyr Starmerning aytishicha, hukumat 2027-yilda yordam xarajatlarini yalpi milliy daromadning 0,5 foizidan 0,3 foizigacha kamaytirish orqali Britaniyaning “mudofaaga yo‘naltirilgan sarmoyasini to‘liq moliyalashtiradi”.

The Guardian ma’lumotlariga ko‘ra, Buyuk Britaniyadagi qisqartirishlar taxminan 7,7 milliard dollarni tashkil etadi.

Starmerning so‘zlariga ko‘ra, gumanitar yordam mablag‘larining mudofaaga o‘tishi Buyuk Britaniyaning 2027-yildan boshlab har yili harbiylarga 17 milliard dollar ko‘proq mablag‘ to‘lay olishini ta’minlaydi.

Boshqa bir qancha davlatlar, jumladan, Niderlandiyaning o‘ng qanot hukumati o‘tgan yilning noyabr oyida tashqi yordam byudjetini besh yil davomida taxminan 1,09 milliard dollarga qisqartirishini e’lon qildi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mart oyining boshlarida AQSHdagi qisqartirishlar dunyodagi eng halokatli yuqumli kasallik — silni davolash bo‘yicha sa’y-harakatlarni orqaga surishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Afrikadagi Ebola bo‘yicha kuzatuv ishlari ham xavf ostida. Chunki ilgari USAID tomonidan moliyalashtirilgan nodavlat notijorat tashkilotlari o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘ldi.

Sog‘liqni saqlash mutaxassislari va yordam tashkilotlari AQSHning ko‘plab Afrika mamlakatlarida OIV/OITS dasturlarini moliyalashtirishni qisqartirishi qit’ada yuz minglab o‘limlarga olib kelishi mumkinligidan ham ogohlantirdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 31410 | Инструменты