Buyuk Britaniyada 61 ta kompaniya 4 kunlik ish haftasini o‘z faoliyatida sinovdan o'tkazdi

To'rt kunlik ish haftasi tajribasida ishtirok etgan Buyuk Britaniyaning 56 kompaniyasi yangi jadvalga amal qilishga qaror qildi. Bu haqda "The Guardian" nashri yozmoqda. Bu tajribada jami 61 ta kompaniya ishtirok etgan bo'lib, ulardan 56 tasi eksperimentni davom ettirishni, shu jumladan, 18 tasi 4 kunlik ish haftasiga to‘liq o‘tishga qaror qilgan.

Yangi jadval tufayli "xodimlarning farovonligi sezilarli darajada yaxshilandi", - dedi Jo Rayl, 4 kunlik haftalik kompaniyasi direktori. Tajribaning deyarli barcha ishtirokchilarining mahsuldorligi ham yaxshilandi.

4 kunlik jadvalni doimiy qilishga qaror qilgan kompaniyalardan biri Sheffildda joylashgan sanoat robotlarini ishlab chiqaruvchi Rivelin Robotics hisoblanadi. Kompaniyaning yuqori mahsulot menejeri Devid Meysonning fikricha, qisqa ish haftasi kompaniyaga yangi xodimlarni yollashga yordam beradi.

Rivelin barcha xodimlarga munosib dam olishni, ish va shaxsiy hayotning adekvat muvozanatini ta'minlashni xohlaydi, dedi texnologiya bo'yicha bosh direktor o'rinbosari Devid Alator. Shuningdek, u ba'zi xodimlar 5 kun ishlashni afzal ko'rishini ta'kidladi.

Tajribada Londondagi Qirollik biologiya jamiyati ham ishtirok etdi. Uning bosh direktori Mark Daunsning aytishicha, 4 kunlik haftaga o'tish bo'yicha so'rov o'z amaliyotida xodimlardan "eng ijobiy javob" olgan.

Ma'lumot o'rnida, pilot loyihada qatnashgan 2900 nafar xodimning 5 kunlik ish haftasidek maoshlari saqlab qolingan. Ularning 39%i stresslari kamayganini, 40%i yaxshiroq uxlaganini hamda 54%i uy va ish majburiyatlarini muvozanatga keltirishga muvaffaq bo‘lganini aytgan.

Eksperiment natijalari parlamentga taqdim etilishi kutilmoqda.

Eslatib o'tamiz, bundan oldin Suriya 4 kunlik ish haftasiga o‘tgani, bunga mamlakatda kuzatilayotgan yoqilg‘i inqirozi sabab bo‘lgani haqida xabar bergan edik. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 52622 | Инструменты