Huawei 1
CBS: Vashingtondagi samolyot halokatidan so‘ng 18 kishining jasadi suvdan chiqarildi

Vashingtondagi Potomak daryosida Bombardier CRJ700 yo‘lovchi samolyoti va Sikorsky H-60 harbiy vertolyoti to‘qnashganidan so‘ng olib borilgan qidiruv-qutqaruv operatsiyasi davomida suvdan kamida 18 kishining jasadi chiqarildi. Bu haqda CBS News telekanali politsiya xodimiga tayanib xabar berdi.

Hozircha tirik qolganlar topilmadi.

Samolyot bortida jami 64 kishi (60 yo‘lovchi va 4 ekipaj a’zosi) bo‘lgan. Vertolyot ekipaji esa uch harbiydan iborat edi.

NBC telekanali qutqaruvchilar suvdan to‘rt kishini chiqarganini va ularning kasalxonaga yetkazilganini xabar qildi.

CNN ma’lumotlariga ko‘ra, Potomak daryosi suvi harorati hozirda taxminan 1,6 daraja Selsiy bo‘lib, bunday sovuq suvda odam qo‘l-oyoqlarining harakatsizlanishi atigi uch daqiqada yuz berishi mumkin. Ushbu sharoitda daryoga tushib qolgan insonning omon qolish imkoniyati 30 daqiqadan 1,5 soatgacha bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Samolyot va vertolyot to‘qnashuvi 29-yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 21:00 da (Toshkent vaqti bilan 30-yanvar 07:00 da) Vashington aeroporti yaqinida sodir bo‘lgan. PSA Airlines aviakompaniyasiga tegishli Bombardier CRJ700 samolyoti qo‘nish vaqtida havoda harbiy Sikorsky H-60 vertolyoti bilan to‘qnashgan.

Hodisa sababli aeroport faoliyati to‘xtatilgan. NBC’ning Federal qidiruv byurosidagi (FBI) manbasi agentlik ushbu aviakatastrofada terrorchilik harakati ehtimolini istisno qilganini ma’lum qildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 13023 | Инструменты