AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh G‘azo sektorini nazorat ostiga olishini aytdi. Respublikachi bu haqda 4 fevral, seshanba kuni Oq uyda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan uchrashuvdan so‘ng gapirdi. Matbuot anjumani Amerikaning Associated Press(AP) axborot agentligi tomonidan translatsiya qilindi.
Tramp G‘azo bo‘yicha: «Biz unga egalik qilamiz»
«Qo‘shma Shtatlar G‘azo sektorini nazorat qiladi, biz u bilan ishlaymiz, - dedi Oq uy rahbari. - Biz unga egalik qilamiz va u yerdagi barcha xavfli portlamagan bombalar va boshqa qurollarni demontaj qilish uchun javobgar bo‘lamiz».
«Agar kerak bo‘lsa, buni qilamiz, bu uchastkani nazoratga olamiz, rivojlantiramiz, minglab ish o‘rinlarini yaratamiz. Bu butun Yaqin Sharq faxrlanishi mumkin bo‘lgan narsa bo‘ladi», deb qo‘shimcha qildi Tramp. U yerda kim yashashi haqidagi savolga respublikachi G‘azo sektori «dunyo xalqi» va «Yaqin Sharq rivera»si uchun uyga aylanishi mumkinligini aytdi.
«Men uzoq muddatli egalik holatini ko‘rmoqdaman va men buni Yaqin Sharqning bu qismiga katta barqarorlik olib keladigan narsa sifatida ko‘raman, - deb davom etdi Tramp. - Men buni ko‘p oylardan beri diqqat bilan ko‘rib chiqdim». G‘azoga AQSh qo‘shinlarini jo‘natish kerakmi degan savolga, Tramp: «Biz kerakli narsani qilamiz», dedi.
«Men Isroilni yaxshi ko‘raman. Men u yerga boraman, G‘azoga boraman, Saudiya Arabistoni va butun Yaqin Sharqdagi boshqa joylarga boraman», — deb va’da qildi Oq uy rahbari.
Netanyahu bu so‘zlarni ijobiy qabul qildi. Isroil bosh vazirining so‘zlariga ko‘ra, Tramp «yangi g‘oyalar bilan o‘ylaydi» va «an’anaviy fikrlashni yo‘q qilishga tayyorligini namoyish etadi».
Alpha version: 0.9.1.19 build 20513 | Инструменты