Huawei 1
Dubay 2026-yilgacha uchar taksilarni ishga tushirishni rejalashtirmoqda

Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida 2026-yilgacha uchar taksilarni ishga tushurish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Associated Press (AP) agentligi xabar berdi.

Mahalliy hokimiyat 2017-yildan beri havo taksisini ishga tushirishga harakat qilmoqda, deb yozadi agentlik. 

“Havo taksilarining narxi Dubaydagi limuzinlar narxi bilan baravar, balki undan biroz qimmatroq bo’ladi”, - dedi Dubay yo’llari va transport boshqarmasi rasmiysi Ahmad Bahrozyan.

Agentlik ma'lumotlariga ko'ra, havo taksilari oddiy taksi narxidan kamida 30 foizga yuqori bo’ladi. Uning eng kam yo’l haqi taxminan 3,25 dollarni tashkil etadi va har bir kilometr uchun 0,5 dollar olinadi.

Shuningdek, havo taksilarini ishga tushirish dasturining hamkori, avval xabar qilinganidek, Xitoyning EHang 184 va XPeng X2 yoki Germaniyaning Volocopter kompaniyalari emas, balki Amerikaning Joby Aviation aviatsiya venchur kompaniyasi bo’ladi.

Xabarga ko’ra, Joby Aviation ishlanmalari bugun, 13-fevral kuni Dubaydagi Jahon hukumati sammitida taqdim etilgan.

“Biz bu imkoniyatdan xursandmiz va uni faol ravishda tayyorlamoqdamiz", - dedi kompaniya vakili.

Ammo, Bahrozyan hozircha hamkorlarning hech biri bilan shartnoma imzolanmaganini ta’kidladi.

Ma’lum qilinishicha, Joby Aviation prototipi quvvatlanmasdan 240 km dan ortiq masofaga ucha oladi, bu esa unga boshlang’ich nuqtadan Abu-Dabi va mamlakatning boshqa hududlariga yetib borish imkonini beradi. Havo taksisi vertikal ravishda uchadi va qo’nadi. Uning maksimal tezligi 320 km/soat bo'ladi.

Agentlikning yozishicha, amirlik rasmiylari shahar markazidagi Dubay xalqaro aeroporti yonida joylashgan sunʼiy Palm-Jumeyra oroli va Dubay Marina hududida havo taksilari uchun toʻrtta transport markazini jihozlashni rejalashtirmoqda. U yerda uchar taksilar uchun ikkita uchish maydonchasi va to’rtta zaryadlash punkti bo’ladi.

Ta'kidlanishicha, havo taksining ishga tushirilishi shahar yo'llaridagi tirbandlikni kamaytiradi. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 60602 | Инструменты