Bloomberg’ning yozishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp 50% gacha bo‘lgan savdo bojlari joriy qilinishini e’lon qilganidan so‘ng, dunyoning eng boy 500 kishisining umumiy boyligi 208 milliard dollarga kamaydi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, bu yo‘qotishlar koronavirus pandemiyasi boshlanganidan beri eng katta ko‘lamda bo‘lgan. Milliarderlarning yarmi o‘rtacha 3,3% boyligini yo‘qotgan. Eng katta yo‘qotishlar amerikalik tadbirkorlar hisobiga to‘g‘ri kelgan. Ular orasida Meta Platforms hammuassisi Mark Sukerberg va Amazon asoschisi hamda Blue Origin aerokosmik kompaniyasi egasi Jeff Bezos ham bor.
Bojlar joriy qilinishi Meta va Amazon aksiyalarining 9% ga tushib ketishiga olib keldi, bu esa Sukerbergga 17,9 milliard dollar, Bezosga esa 15,9 milliard dollarga tushdi. Shuningdek, Tesla va SpaceX asoschisi Ilon Mask (11 milliard dollar), Carnava asoschisi Ernest Garsiya III (1,4 milliard dollar), Shopify bosh direktori Tobi Lyutke (1,5 milliard dollar), LVMH asoschisi (Christian Dior, Bulgari va Loro Piana’ga egalik qiladi) Bernar Arno (6 milliard dollar) va xitoylik Huali Industrial Group Co. poyabzal ishlab chiqaruvchi kompaniyasi asoschisi Chjan Tsun’yuan (1,2 milliard dollar) ham katta yo‘qotishlarga uchradi.
Bojlar joriy etilishidan oldin Oq uy ko‘plab biznes vakillari va kasaba uyushmalari vakillarining qo‘ng‘iroqlarini qabul qilgan, ular hukumatni “maksimalistik yondashuv”dan ogohlantirgan. The Wall Street Journal’ning yozishicha, Respublika partiyasi a’zolari ham narxlar oshishi xavfidan xavotir bildirgan.
Tramp 2-aprel kuni boshqa davlatlarga nisbatan 10% dan 50% gacha bo‘lgan bojlar joriy etilishini e’lon qildi. U bu choralarni AQSh iqtisodiyotini tiklash zarurati bilan izohladi. Respublika partiyasi vakili shunday degan: “So‘nggi yillarda Qo‘shma Shtatlar yaqin va uzoqdagi xalqlar, do‘stlar va dushmanlar tomonidan talon-toroj qilindi, zo‘ravonlik va o‘g‘irlikka uchradi.” Eng yuqori boj — 50% — Lesoto va Fransiyaning chet eldagi hududlari bo‘lgan Sen-Pyer va Mikelonga nisbatan joriy etilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 40802 | Инструменты