Finlyandiyaning Kotka shahri rasmiylari davlatga qarashli Senate Properties kompaniyasidan (davlat idoralari uchun binolarni ijaraga berish bilan shug‘ullanadi) tarixiy “Kyumenegorod” qal’asini atigi 1 yevroga sotib oldi. Bu haqda Yle xabar berdi.
Qayd etilishicha, qal’a hududida qariyb 20 ta bino mavjud bo‘lib, umumiy maydoni taxminan 50 gektarni tashkil etadi. Kotka shahrining Shaharlarni rejalashtirish bo‘limi rahbari Markku Xannonenning ma’lum qilishicha, endilikda shaharga tegishli bo‘lgan “Kyumenegorod” qal’asi sayyohlar uchun bosqichma-bosqich ochiladi. Avvaliga gidlar hamrohligida ekskursiyalar o‘tkaziladi, keyinchalik esa bu yerda belgilar va piyodalar yo‘laklari tashkil etiladi.
Finlyandiya Moliya vazirligi qal’ani to‘liq rekonstruksiya qilish qiymatini 18 million yevroga baholamoqda. Bungacha qal’aga egalik qilgan Senate Properties har yili uni saqlab turish uchun taxminan 200 ming yevro sarflagan.
Ma’lumot uchun, “Kyumenegorod” qal’asi XVIII-XIX asrlar chegarasida, o‘sha davrdagi Rossiya-Shvetsiya chegarasida qurilgan. O‘sha davrda bu yer Aleksandr Suvorov shtab-kvartirasi bo‘lgan. Keyinchalik qal’a yaqinida yuzaga kelgan aholi punkti imperator Aleksandr II farmoni bilan shaharga aylantirilib, Kotka deb nomlangan. Qal’ada Rossiya garnizoni 1917 yilgacha joylashgan bo‘lgan. 1939 yildan 2005 yilgacha esa bu yerda Finlyandiya harbiy qismlari joylashtirilgan. So‘ng qal’a yopilgan. Uning ichida ofitserlar uylari va bir nechta kazarma mavjud.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60103 | Инструменты