Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok AQSh prezidenti Donald Trampning Rossiyani iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan davlatlar norasmiy klubiga qaytarish va G8 formatini qayta yaratish taklifiga qarshi chiqdi. Germaniya diplomatiyasi rahbarining 14 fevral, juma kuni aytgan so‘zlarini AFP agentligi keltirdi.
«Katta yettilikdagi hamkorlar sifatida biz bu shafqatsiz bosqindan keyin so‘nggi uch yil ichida bu Rossiya bilan, Putin Rossiyasi bilan normal hamkorlik bo‘lishi mumkin emasligini qayta-qayta aniq aytdik», — deya ta’kidladi Germaniya TIV rahbari.
«Agar biz hammamiz tinchlik yo‘liga qaytsak va bu bosqinchilik siyosati o‘zgarsa, bu, albatta, biz turli sohalarda hamkorlikni qayta tiklashimiz mumkinligini anglatadi», — deya davom etdi u.
Germaniya tashqi ishlar vaziri Ukrainadagi «soxta tinchlik» haqida ogohlantirdi
Shu bilan birga, Annalena Berbok Ukrainadagi urushni uzoq muddatga tugatishga chaqirdi va «soxta tinchlik» haqida ogohlantirdi.
13 fevral kuni Oq uyda jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida Tramp avvalgi format ehtimoli haqida shunday dedi: «Men ularning (Rossiya Federatsiyasi vakillari) qaytishini juda istardim. Menimcha, ularni haydab chiqarish xato bo‘ldi. Gap menga Rossiya yoqishi yoki yoqmasligida emas. Gap G8'da», — deya uning so‘zlarini keltirdi Reuters agentligi. «Men: «Nima qilyapsizlar? Sizlar Rossiyadan boshqa hech narsa haqida gapirmayapsizlar, ular esa biz bilan stolda o‘tirishlari kerak», dedim. Menimcha, Putin qaytib kelgan bo‘lardi», dedi u.
Rossiya 1997 yildan 2014 yilgacha "katta sakkizlik" a’zosi edi. Biroq Qrim Rossiya tomonidan qo‘shib olinganidan so‘ng, birlashma o‘z faoliyatini «katta yettilik» formatida davom ettirdi. Unga AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Kanada va Yaponiya kiradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21521 | Инструменты