Germaniyada kamida 193 nafar politsiyachi ekstremistik qarashlar va fitna nazariyasiga egalikda gumon qilinmoqda. Bu haqda “Stern” jurnali va RTL telekanali tomonidan barcha 16 federal shtat Ichki ishlar vazirliklari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalari qayd etilgan hisobot bugun, 3 may kuni e’lon qilindi.
Hisobotda aytilishicha, bunday politsiyachilarning haqiqiy soni ko‘proq bo‘lishi mumkin, chunki Shimoliy Reyn-Vestfaliya, Berlin va Meklenburg-Vorpommern shtatlari aniq ma’lumot bermagan. Ushbu shtatlarning dastlabki ikkitasida 80 ga yaqin intizomiy ishlar ko‘rib chiqilayotgani haqida xabar berilgan. Biroq ularning bayonotlariga ko‘ra, hozirda ularni ekstremistik qarash tarafdori deb tasniflash mumkin emas. O‘z navbatida, Meklenburg-Vorpommern Ichki ishlar vazirligi joriy raqamlarni faqat 2025 yilning so‘nggi choragida taqdim etish mumkinligini aytdi.
Bavariya Ichki ishlar vaziri Yoaxim Xerrman ommaviy axborot vositalarini mahalliy huquq-tartibot idoralari xodimlari o‘rtasida sodir bo‘layotgan bunday holatlar “oddiy narsa” ekani va davlat xizmatchilari Germaniya konstitutsiyasiga xizmat vaqtida ham, xizmatdan tashqari vaqtlarda ham sodiqligiini namoyish etishi kerakligiga ishontirdi. Shimoliy Reyn-Vestfaliya Ichki ishlar vaziri Gerbert Royl politsiyada ekstremistik qarashlarga o‘rin yo‘qligini va buni tushunmagan har qanday kishi “quvib chiqarilishini” aytgan.
Tadqiqotga ko‘ra, 2020 yildan buyon nemis politsiyasi xodimlariga nisbatan ekstremistik qarashlarda gumon qilinib, jami 570 dan ortiq intizomiy ish yoki tergov harakatlari olib borilgan.
So‘nggi bir necha yil ichida Germaniyada politsiya xodimlari o‘rtasida o‘ng ekstremizm va irqchilik bilan bog‘liq bir qancha yirik ishlar ochildi. Masalan, 2021 yilning iyun oyida Gessen federal shtatida 49 nafar politsiyachi o‘ng qanot ekstremistik ma’lumotlar tarqatiladigan chatlarga a’zo ekani ma’lum bo‘ldi. Mazkur holat yuzasidan ham olib qo‘yilgan materiallar tintuv va ekspertizadan o‘tkazildi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, chatlarda svastika belgisi va Adolf Gitlerning suratlari tarqatilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 50504 | Инструменты