Hindistonning Tata Group konglomerati o'zining ichki va xalqaro aviatarmoqdagi faoliyatini mustahkamlash hamda yirik aviatashuvchi yaratish uchun Air India va Singapur havo yo'llari (SIA) bilan birgalikda tashkil qilingan Vistara aviakompaniyalarini birlashtirishini ma'lum qildi.
Bunda avtomobil va po'lat ishlab chiqaruvchi Tata konglomerati qo'shma korxonaning 74,9 foiziga, SIA esa qolgan 25,1 foiziga egalik qiladi.
SIA ushbu kelishuv doirasida Air India kompaniyasiga 252 million dollar sarmoya kiritadi. Ikki yirik kompaniyalarni birlashtirish ishlari 2024-yilning mart oyiga qadar yakunlash maqsad qilingan.
Tata Group rahbari Natarajan Chandrasekaranning ta'kidlashicha, kompaniyalar birlashishi Air Indiani jahon toifasidagi aviakompaniyaga aylantirishdagi muhim bosqich bo'ladi.
“Air India o'z tarmog'i va parkini kengaytirish, mijozlar uchun takliflarni yangilash, xavfsizlik va ishonchlilikni oshirishga katta e'tibor qaratmoqda”, dedi Chandrasekaran.
Aytib o’tish lozimki, shartnoma Hindistonning yirik IndiGo aviakompaniyasiga kuchli raqib yarata oladi va ichki bozorda yetarlicha ulushga ega bo'lmagan Singapur havo yo’llarini dunyodagi eng tez rivojlanayotgan aviatsiya bozorlaridan birida mustahkam o'rin egallashi uchun zamin yaratadi.
Ma’lumot o’rnida, 2006-yilda tashkil etilgan IndiGo Hindistonning eng yirik yo'lovchi aviakompaniyasi bo'lib, shu yilning oktyabr oyi holatiga ko'ra bozor ulushi 56,7 foizni tashkil etadi.
Air India esa Hindistonning eng yirik xalqaro tashuvchisi bo’lib, ikkinchi yirik mahalliy aviakompaniyasidir.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122722 | Инструменты