Ilon Mask nega siyosatdan uzoqlashishga qaror qilgani maʼlum bo‘ldi

Donald Tramp maʼmuriyatida AQSH hukumati samaradorligi departamentini (DOGE) nazorat qiluvchi biznesmen Ilon Mask bir qancha sabablarga ko‘ra siyosiy faoliyatni tark etishga qaror qildi, deb yozdi The Washington Post (WP) manbalarga tayanib. Bularga aniq natijalarga erishishdagi qiyinchiliklar va o‘z xavfsizligi haqida tashvishlanish kiradi.

Mask siyosatdan ketish qarorini shu hafta boshida eʼlon qildi. Qatar Iqtisodiy forumi arafasida Bloomberg agentligiga bergan intervyusida u kelajakda siyosatga ancha kam vaqt ajratishni rejalashtirayotganini va 2008 yildan beri o‘zi rahbarlik qilib kelayotgan Tesla kompaniyasini boshqarishga eʼtiborni kuchaytirmoqchi ekanini aytdi: «Menimcha, yetarlicha ish qildim», deb qo‘shimcha qildi u.

WP manbalarining taʼkidlashicha, o‘tgan yil davomida Maskning hayotida siyosat markaziy o‘rin tutgan. Ammo so‘nggi vaqtlarda uning siyosiy ishtiyoqi susaygan. Ishbilarmon o‘z mablag‘larining Amerika siyosiy tizimiga qanday taʼsir qilishidan hafsalasi pir bo‘ldi, deb yozdi gazeta.

Maskning siyosiy faoliyatini qisqartirish qaroriga nafaqat shaxsiy xarajatlar, balki aniq natijalarga erishish qiyinligidan umidsizlik ham taʼsir qilgan, dedi manbalar. Mask o‘zi va oilasining xavfsizligi haqida jiddiy qayg‘urmoqda. Shuningdek, u o‘ziga ham, kompaniyalariga ham, jumladan Tesla obyektlariga qilingan hujumlarga qaratilgan shaxsiy taʼqib va norozilik darajasini kutmagan.

NBC News xabariga ko‘ra, Mask DOGE rahbari bo‘lgach, Tesla inshootlari «hujumlar to‘lqini»ga duch kelgan. Telekanal maʼlumotlariga ko‘ra, bir necha hafta davomida kompaniya avtomobillari, dilerlik markazlari va quvvatlash shoxobchalariga nisbatan o‘ndan ortiq vandalizm harakati sodir etilgan. AQSH prezidenti Donald Tramp bunday hujumlarni uyushtirganlarni terrorchilar deb bilishini maʼlum qildi.

«Kapitoliy tepaligidagi siyosat endi samarali emas. Endi, vaqtdan yutganimizdan keyin, keling, shunchaki Marsga uchish masalasiga qaytaylik», dedi Maskka yaqin manba.

Boyligi 374 milliard dollarga baholangan Mask Donald Trampning 2024 yilgi prezidentlik kampaniyasining eng yirik donorlaridan biri bo‘ldi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, u Trampning saylovda g‘alaba qozonishiga yordam berish uchun 250 million dollardan ortiq mablag‘ sarflagan.

Maskning prezidentga yaqinligi va uning DOGE rahbari sifatida qilgan ishlari, jumladan, davlat xodimlarini ommaviy ravishda ishdan bo‘shatishlari keng tanqidlarga sabab bo‘ldi. Mask siyosatidan norozilik Tesla kompaniyasiga ham taʼsir qildi. Agar 2024 yilda kompaniya aksiyalari sezilarli darajada – 60 foizga o‘sgan bo‘lsa, 2025 yil boshidan buyon ular 55 foizdan ko‘proq arzonlashdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 40510 | Инструменты