AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan Xitoy tovarlariga 34 foizlik boj stavkasi joriy etilishi ortidan asosiy ishlab chiqaruvchi zavodlari ushbu mamlakatda joylashgan Apple’ning aksiyalari tushib ketdi. Buning ortidan esa kompaniya mahsulotlarining narxi oshishi mumkin. Bu haqda “MacRumours” xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 3 aprel kuni Apple aksiyalari NASDAQ fond birjasida kunlik minimal darajada 9,55 foizga arzonlashib, har bir aksiya 202,52 dollargacha tushgan. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil oxiriga kelib muomalada 15,116 milliard dona aksiya bo‘lgan. Shundan kelib chiqib, Apple’ning bozor qiymati bir kun ichida 323 milliard dollargacha kamayib, 3,06 trillion dollarni tashkil etdi.
“Financial Times” nashrining yozishicha, ushbu keskin tushish AQSH Prezidenti Donald Tramp mamlakatga import bo‘yicha yangi bojlar joriy etganidan so‘ng yuz bergan. Tramp taqdim etgan jadvalga ko‘ra, bojlar quyidagi mamlakatlarga nisbatan joriy qilingan: Xitoy (34 %), Yevropa Ittifoqi (20 %), Hindiston (26 %), Vetnam (46 %) va boshqa davlatlar. Shuningdek, Tayvan (32 %) ham ushbu ro‘yxatga kiritilgan.
“Financial Times” nashriga ko‘ra, Tramp tomonidan e’lon qilingan savdo cheklovlari Apple’ning Xitoy, Tayvan, Hindiston va Vetnamdagi yetkazib beruvchilari va zavodlariga ham taalluqli. Citigroup moliyaviy konglomeratining ma’lumotlariga ko‘ra, Apple ishlab chiqarishining 90 foizdan ortig‘i aynan Xitoyda joylashgan bo‘lib, bojlar eng ko‘p ta’sir ko‘rsatgan mamlakat hisoblanadi. Bu esa deyarli barcha iPhone, iPad, Mac va aksessuar modellari boj ostida qolishini anglatadi.
Shu tariqa, Trampning iqtisodiy siyosati Apple rahbari Tim Kukni murakkab tanlov qarshisida qoldiradi: yoki Apple mahsulotlari narxini oshiradi, yoki qo‘shimcha xarajatlarga boradi. Biroq ikkinchi holat “bigtech” kompaniyaning foydasini kamaytirishi mumkin. Bundan tashqari, 2025 yilning fevralida Apple 20 ming nafar yangi xodim yollash va keyingi to‘rt yil ichida AQSHga 500 milliard dollar sarmoya kiritishni, jumladan Texas shtatida sun’iy intellekt serverlari ishlab chiqaruvchi yangi zavod qurishni va’da qilgan.
Apple’ning AQSHdagi mahsulot sotuvi kompaniya umumiy daromadining qariyb uchdan bir qismini tashkil etadi. TD Cowen tahlilchilarining qayd etishicha, faqat iPhone’ning o‘zi texnik mahsulotlar bo‘yicha AQSHdagi daromadning deyarli uchdan ikki qismini ta’minlaydi. Ularning hisobiga ko‘ra, har 10 foizlik bojlar Apple'ga ikki yil ichida 3,5-4 foiz sof foyda yo‘qotishiga olib keladi. Citi tahlilchilari fikricha, agar kompaniya Xitoyga nisbatan amaldagi bojlar istisnosidan foydalana olmasa, Apple'ning yalpi foydasi 9 foizga kamayadi.
Jefferies tahlilchilari bu yil AQSHga Xitoydan taxminan 37 million iPhone import qilinishini kutmoqda. Agar kompaniya telefonlar narxini oshirmasa, sof foyda 14 foizga kamayadi. Tahlilchilarning fikricha, bojlar Apple'ning yetkazib berish zanjirida shok holatni yuzaga keltiradi.
“Hatto Apple amaldagi bojlar ta’siridan ozod etilgan taqdirda ham, u o‘z yetkazib beruvchilariga ko‘proq to‘lash va ta’minot zanjirini diversifikatsiya qilish yo‘lida jiddiy choralar ko‘rishga majbur bo‘ladi”, deyiladi xabarda.
Qiziq tomoni shundaki, Tim Kuk Donald Trampning yangi ma’muriyati bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatishga intilgan edi. “Financial Times”ning yozishicha, Apple rahbarining Trampning inauguratsiyasida ishtirok etishi va Oq uyga tashrifi kompaniya xodimlari orasida norozilik uyg‘otgan. Biroq shunga qaramay, Tim Kuk Apple uchun bojlar bo‘yicha hech qanday istisnolarga erisha olmagan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 40718 | Инструменты