Iroqning Mutanna viloyati Tal al-Shayxiya qishlog‘iga yaqin joyda bahorgi kiyim kiygan 100 ga yaqin ayol va bolalar jasadi bilan to‘ldirilgan ommaviy qabr topildi. Bu haqda “Bild” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Iroqda arxeologlar va kriminologlar 1980 yillarda qazilgan ommaviy qabrni eksgumatsiya qilish ishlarini boshlagan. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, bu odamlar Saddam Husayn davrida repressiyalarning qurboni bo‘lgan.
Iroqning ommaviy qabrlar bo‘yicha tergov boshqarmasi rahbari Diya Karimning so‘zlariga ko‘ra, ayollar va bolalar qariyb 40 yil oldin Husaynning kurd xalqiga qarshi amalga oshirgan "Anfal" kampaniyasi doirasida o‘ldirilgan. Ko‘plab qurbonlar boshiga yaqindan otilgan o‘qlar tufayli halok bo‘lgan, boshqalari esa ehtimol tiriklayin qabrga qo‘yilgan.
Arxeologik ishlarni boshqarayotgan Ahmad Kusai topilma bilan bog‘liq o‘ziga xos tafsilotlarni keltirib o‘tdi.
“Ba’zi jasadlar bir-biriga yopishgan holatda. Biz onalar o‘lim paytida o‘z chaqaloqlarini qo‘llarida ushlab turganini ko‘ryapmiz,” deydi u.
Shuningdek, qazishmalar davomida yana bir ommaviy qabr topilgan, bu qabr Nugrat-el-Salman qamoqxonasiga yaqin joyda joylashgan. Mazkur yerda Husayn davrida siyosiy mahbuslar saqlangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122814 | Инструменты