Janubiy Koreyaning vaqtinchalik prezidenti Choy Sang Mok Muan janubi-g‘arbiy tumanini halokatli samolyot avariyasidan so‘ng davlat yordami olish huquqiga ega bo‘lgan maxsus ofat hududi sifatida belgiladi.
Choy bu haqda Seuldan 288 kilometr janubi-g‘arbda joylashgan Muan xalqaro aeroportiga kelganidan so‘ng ma’lum qildi.
“Hukumat barcha mavjud resurslarni Markaziy ofatlar va favqulodda holatlar shtabi orqali safarbar qilmoqda va Muan hududini maxsus ofat zonasi deb e’lon qiladi.
Halokat sabablarini to‘liq o‘rganamiz va kelajakda shunday voqealarning oldini olish uchun choralar ishlab chiqamiz”, dedi Choy Muan shahrida o‘tkazilgan hukumat yig‘ilishida.
Vaqtinchalik prezident tegishli idoralarga barcha mavjud uskunalar, kadrlar va infratuzilmalardan foydalanishni buyurib, “yana bir kishini bo‘lsa ham qutqarish” uchun sa’y-harakatlar qilishni talab qildi.
“Menimcha, bu dahshatli fojia tufayli zarar ko‘rgan oilalar uchun hech qanday so‘z tasalli bo‘la olmaydi. Hukumat fojia qurbonlarining yaqinlariga yordam ko‘rsatishda barcha imkoniyatlarini ishga soladi”, deya qo‘shimcha qildi vaqtinchalik prezident.
Shuningdek, Choy qutqaruv operatsiyasi davomida yong‘in xavfsizligi xodimlarining xavfsizligini ta’minlash uchun qo‘shimcha ehtiyot choralarini ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
Yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlari qutqarilgan ikki kishidan tashqari, halokatga uchragan samolyot bortidagi barcha odamlar halok bo‘lgan deb taxmin qilinmoqda.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 181 kishini (175 yo‘lovchi va 6 ekipaj a’zosi) olib ketayotgan samolyot qulashi tufayli kamida 127 kishi halok bo‘ldi, ikki kishi qutqarib qolindi. Ammo o‘t o‘chirish xizmati vakillari qutqarib qolishga muvaffaq bo‘lmagan 179 kishining barchasi halok bo‘lgan deb hisoblamoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10110 | Инструменты