JSST maktablarda sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha tavsiyalarini eʼlon qildi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan ilk bor maktablarda sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha ishlab chiqilgan global tavsiyalar eʼlon qilindi.

Xo‘sh, bunga qanday ehtiyoj bor edi?

Maʼlum qilinishicha, dunyo bo‘ylab bolalar o‘rtasida ortiqcha vazn va semirish ko‘rsatkichlari oshib bormoqda. Shu bilan birga, to‘yib ovqatlanmaslik hanuz jiddiy muammo. 2025 yilda ilk bor bolalar o‘rtasida semirish holatlari ozg‘inlik ko‘rsatkichlaridan ancha yuqori bo‘ldi.

Xususan, maktab yoshidagi har o‘ninchi bola va o‘smir semirishdan aziyat chekyapti. Har beshinchisi, yaʼni jami 391 million nafar o‘g‘il-qiz ortiqcha vaznga ega. Shuningdek, dunyo aholisi orasida 800 milliondan ortiq kishi qandli diabetga chalingan.

Shu maʼnoda, kunning katta qismini maktabda o‘tkazadigan millionlab bolalar uchun  ovqatlanish ratsioni muhim. JSST rahbari fikricha, umumtaʼlim muassasalarida sog‘lom taomlanish kelajakda turli kasalliklarning oldini olishga yordam beradi.

JSST tavsiyalari maktablarda zararli mahsulotlar, xususan, shakar, tuz va transyog‘lar isteʼmolini kamaytirish, aksincha meva-sabzavot, yong‘oq, don va dukkakli mahsulotlar ulushini oshirishni nazarda tutadi.

Tashkilot yangi qo‘llanmani amaliyotga joriy etish uchun mamlakatlarga texnik ko‘mak ko‘rsatishni rejalashtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz: “Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional taʼlim muassasalarida o‘quvchilar ovqatlanishini tashkil etishning sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari”ga ko‘ra, yurtimizdagi maktab oshxonalarida o‘quvchilar sog‘ligi uchun zararli bo‘lgan mahsulotlar tayyorlanishi hamda sotilishi taqiqlangan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 12920 | Инструменты