Kanada bosh vaziri Mark Karni Ukrainaga qo‘shimcha 2 milliard Kanada dollari (1,47 milliard AQSh dollari) harbiy yordam ajratilishini e’lon qildi. Bu haqda Kanada hukumati rahbari 17 iyun, seshanba kuni G7 sammitiga kelgan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuv chog‘ida ma’lum qildi.
Karnining so‘zlariga ko‘ra, yangi yordam paketi dronlar, o‘q-dorilar va zirhli mashinalar uchun pulni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, u Kiyevga infratuzilmani tiklash uchun yangi 2,3 milliard dollar kredit berilishini va’da qildi.
Bundan tashqari, Mark Karni Moskvaga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam beruvchi 77 jismoniy va 39 yuridik shaxsga, shuningdek, Rossiya «soyadagi floti»ning 200 ta kemasiga nisbatan cheklov choralari joriy etilganini ma’lum qildi, deb xabar beradi AFP. U «muzokaralar stoliga o‘tirishdan bosh tortgan Rossiyaga maksimal bosim o‘tkazish muhimligini» qayd etdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61819 | Инструменты