Huawei 1
Maymun chechagi: Ikkinchi koronavirusga aylanib borayotgan virus 17 davlatga tarqalib ulgurdi

Kasallik haqida nimalar ma'lum?

Dastlab Yevropada aniqlangan maymun chechagi, keyinchalik Kanada va Avstraliyada ham aniqlandi. Belgiyada allaqachon ushbu kasallik tufayli karantin eʼlon qildi. Soʻnggi kunlarda esa maymun chechagi BAAda aniqlandi.

Kecha, 24 may kuni Birlashgan Arab Amirliklarida maymun chechagi bilan kasallangan birinchi bemor aniqlandi. Bu haqda mamlakat Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, kasallik BAAga Gʻarbiy Afrikadan kelgan 29 yoshli ayolda aniqlangan. “Ayol shifokorlar nazoratida. Unga mamlakatda zarur tibbiy yordam koʻrsatilmoqda”, deyiladi xabarda. Vazirlik sogʻliqni saqlashga masʼul tashkilotlar bilan hamkorlikda aholini yuqumli kasalliklardan himoya qilish, tezkorlik bilan holatlarni aniqlash va barcha kasalliklarning mahalliy tarqalishini cheklash boʻyicha ish olib borish uchun eng yuqori xalqaro amaliyotga muvofiq epidemiologik nazorat mexanizmiga amal qilishini aytdi.

Maymun chechagi oʻzi qanday kasallik?

Maymun chechagi ilk bor 1970-yilda Kongoda aniqlangan. Shundan beri Gʻarbiy Afrika davlatlarida kasallikka chalinganlar muntazam uchrab turadi. Biroq 2022-yilda Yevropada maymun chechagi qayd etilgani va boshqa davlatlarda ham uchray boshlagani kutilmagan hol boʻldi. BAAda kasallik tarqalishining oldini olish boʻyicha choralar koʻrish boshlangan. Boshqa davlatlar ham ehtimoliy tarqalish oldini olishga kirishgan.
Belgiya kasallikka chalinganlarni 21 kunlik karantinga olishini eʼlon qildi. AQShda ham maymun chechagi bilan kasallanish holatlari aniqlangan. Shu munosabat bilan Hukumat chechakka qarshi 13 million vaksina sotib olishga buyruq bergan. Rossiyada bunday holat aniqlanmagan.

Kasallik belgilari

Maymun chechagi kam uchraydigan virusli kasallik boʻlib, asosan yovvoyi hayvonlardan (kemiruvchilar, primatlar) odamlarga yuqadi. Kasallikning belgilari isitma, bosh ogʻrigʻi, mushak va bel ogʻrigʻi, shishgan limfa tugunlari, titroq va charchoqni oʻz ichiga oladi. Teri toshmasi yuz va tananing boshqa qismlarida ham paydo boʻlishi mumkin. Maymun chechagi epidemiyasi boʻyicha oʻlim darajasi 1% dan 10% gacha.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) maʼlumotlariga koʻra, 7 maydan buyon dunyoning 19 ta davlatida, asosan Yevropa, AQSH, Kanada, Avstraliya va Isroildagi odamlarda maymun chechagi infektsiyasining 131 ta tasdiqlangan holati va 106 ta infektsiyaning shubhali holati qayd etilgan. Virus Afrikaning bir nechta mintaqalarida endemik, yaʼni maʼlum bir geografik hududga xosdir. Tashkilot kasallikka qarshi vaktsinalar va virusga qarshi preparatlar yetkazib berish cheklanganini maʼlum qildi.

“Maymun chechagi va koronavirus oʻxshash kasalliklar emas. Chunki chechak faqat yaqin jismoniy aloqa orqali tarqalishi mumkin boʻlgan patogenga ega. Kasallik yaqin aloqadagi oilalarda yoki ijtimoiy guruhlarda sodir boʻladi”, deyiladi JSST xabarida.

Ayni paytda maymun chechagining ikki asosiy shtammi aniqlangan – Markaziy Afrika va Gʻarbiy Afrika shtammlari.

Yangi kasallik qanchalik xavfli?

Kasallik odatda ikki haftadan toʻrt haftagacha davom etadi. Ogʻir holatlar immunitet tanqisligi boʻlgan odamlarda va yosh bolalarda koʻproq uchraydi. 1970-1990 yillarda 47 ta oʻlim qayd etilgan, ularning barchasi oʻn yoshgacha boʻlgan bolalar orasida kuzatilgan. Soʻnggi yillarda har yuz bemorga oʻrtacha 3-6 oʻlim toʻgʻri keladi. Hozirgi kunda epidemiya vaqtida oʻlim holatlari qayd etilmagan.

Maymun chechagining odatiy simptomlari:
0-5 kun - isitma, kuchli bosh ogʻrigʻi, shishgan limfa tugunlari. Orqa va mushak ogʻrigʻi, kuchli charchoq ham tez-tez uchraydi.
1-3 kun - toshma paydo boʻla boshlaydi (odatda yuz, qoʻl va oyoqlarda). Bundan tashqari, shilliq qavatlarda yaralar mavjud. Toshmalarning soni bir necha mingdan milliongacha.
1-2 hafta - toshmalar quriydi, qobiq paydo boʻladi, keyin esa tushadi. Ulardan, chechakda boʻlgani kabi, chandiqlar qolishi mumkin.
Maymun chechagining asoratlari ikkilamchi infeksiyalar, bronxopnevmoniya, sepsis, entsefalit va shox parda infeksiyasini (koʻpincha koʻrishni yoʻqotish bilan) oʻz ichiga olishi mumkin.

O'zbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi xabariga koʻra, bugunga qadar Oʻzbekistonda maymun chechagi kasalligi qayd etilmagan.  Ayni paytda JSST tavsiyalaridan kelib chiqib bu infeksiyaning mamlakatga kirib kelmasligi uchun zarur choralar koʻrilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 52607 | Инструменты