Pavel Durovga Rossiyada «terrorizmga ko‘maklashish» bo‘yicha jinoiy ish ochildi

Telegram asoschisi Pavel Durov Rossiyada unga nisbatan «terrorchilik faoliyatiga ko‘maklashish» moddasi  bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atganini ma’lum qildi (Rossiya tergov organlari bu haqda rasman e’lon qilmagan). Ish Rossiya Jinoyat kodeksining 205.1-moddasi 1.1-qismi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan – unga ko‘ra 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

U o‘z kanalida rasmiylar rossiyaliklarning messenjerga kirishini cheklash uchun «har kuni yangi bahonalar o‘ylab topayotgani» haqida yozdi va sodir bo‘layotgan voqealarni «o‘z fuqarolaridan qo‘rqadigan davlatning qayg‘uli manzarasi» deb atadi.

Uning bu izohiga «Rossiyskaya gazeta» va «Komsomolskaya pravda» nashrlaridagi maqolalar sabab bo‘ldi. Bu maqolalar bir-biriga juda o‘xshash va deyarli bir vaqtda chiqqan. Quqida rossiyalik propagandachilar Durov va telegram haqida nimalar yozishgani keltiriladi.

«Rossiyskaya gazeta»

Durov anonimlik va har qanday hokimiyatdan mustaqillikni targ‘ib qildi. Bu telegramga radikallar, giyohvandlar, qotillar va terrorchilarni olib keldi. 2014 yilda u yerga ukrainalik neonatsistlar, keyin esa «AUYe» guruhlari (jinoiy guruhlarni ifodalovchi abbreviatura) keldi. Hech qanday blokirovka yo‘q – bu Durov tanlagan zo‘ravonlik va o‘zboshimchalik yo‘li. Eron, Hongkong va boshqa mamlakatlardagi norozilik namoyishlari telegramda muvofiqlashtirildi. SVO («maxsus harbiy amaliyot» – Rossiya hukumati Ukrainadagi urushni shunday ataydi) sharoitida u NATO mamlakatlari va «Kiyev rejimi» maxsus xizmatlarining asosiy quroliga aylandi.

Mana IIV va FXX keltirgan raqamlar: 2022 yildan buyon telegramdan foydalangan holda 153 ming jinoyat sodir etilgan. Ular orasida – «Krokus»dagi terakt, Darya Dugina, Vladlen Tatarskiyning o‘ldirilishi bor.  Durov Roskomnadzorning murojaatlarini surbetlarcha e’tiborsiz qoldirdi. Ammo uning yolg‘onchiligini qarangki, Fransiyada hibsga olinishi bilanoq, u darhol Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik qila boshladi. Rossiya uzoq sabr qildi. Lekin endi choralar ko‘rildi. Bu erkinlikka hujum emas, bu davlat fuqarolarni nazoratdan chiqib ketgan raqamli maxluqdan himoya qiladi.

«Komsomolskaya pravda»

Telegram juda qulay ekani hammaga ma’lum. Ammo uning yordamida rossiyalik generallar o‘ldirilayotgani, maktablarga hujumlar uyushtirilayotgani, jangarilar o‘z harakatlarini muvofiqlashtirayotganidan hamma ham xabardor emas. Durovni 10 yildan ortiq vaqt davomida javobgarlikka tortishga harakat qilishdi. 2018 yildayoq u qonunni bajarishga tayyorligini aytgandi, ammo va’dalar yolg‘on bo‘lib chiqdi: 2020 yilda blokdan chiqarilgandan so‘ng u ritorikani keskin o‘zgartirdi, keyin esa RFdan chiqib ketdi.

SVO sharoitida G‘arb maxsus xizmatlari va tizimli bo‘lmagan muxolifat telegram orqali axborot ta’sirini kuchaytirdi. Rossiyaliklarga yoppasiga prezident siyosatiga qarshi roliklar yuborilmoqda. Maqsad – qarshi ovoz berish va ko‘cha aksiyalari. O‘z joniga qasd qilish, qotillik va giyohvand moddalarni targ‘ib qilish ham telegramda.

Durov o‘zida «zo‘r yigit» obrazini yaratadi, unga nafaqaxo‘rlar va bolalar kiberfiribgarlikdan aziyat chekayotgani ahamiyatsiz. Ammo Fransiyada hibsga olinganidan so‘ng u hokimiyat bilan hamkorlik qila boshladi. «Zo‘r yigit»ning ikki tomonlama standartlari! Fuqarolar va davlatni himoya qilish uchun messenjerni cheklashga qaror qilindi. Darhol ijobiy natijalarga erishildi – jinoyatlar soni o‘n minglab kamaydi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 22512 | Инструменты