Qirg‘izistonda masjidlar sonini cheklashmoqchi

Qirg‘iziston hukumati aholi punktlarida masjidlar, cherkovlar va boshqa diniy obyektlar soniga cheklov joriy qilmoqchi. Hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Bu haqda 24.kg xabar berdi.

2021-yilda Qirg‘iziston hududida ilgari qurilgan, biroq rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilmagan diniy obyektlarni hisobga olish boshlangan. Shuningdek, 644 ta diniy obyekt ro‘yxatdan o‘tmay faoliyat yuritayotgani aniqlangan.

2023-yil boshiga kelib, yana 200 dan ortiq diniy obyekt qurilayotgani ma’lum bo‘ldi. Har kuni diniy obyektlarni qurishni yakunlash uchun moliyaviy yordam so‘rab, mahalliy davlat hokimiyatlariga va o‘z-o‘zini boshqarish organlariga yuborilayotgan murojaatlar soni ortib bormoqda. Diniy obyektlar qurilishi aholi ehtiyojlari inobatga olinmasdan amalga oshirilmoqda. Ko‘pincha bir hududda 10 tagacha diniy obyekt bo‘lib, ular bir-biriga juda yaqin joylashgan, deyiladi xabarda.

Bu aholi punktlarida diniy obyektlarning maksimal sonini belgilash zaruratini tug‘dirmoqda. Hukumatning qaror loyihasida quyidagi parametrlarga asoslanib, diniy binolarni loyihalash taklif etilgan:

  • Qishloqlarda ularning orasidagi masofa kamida 2 kilometr bo‘lishi kerak;
  • Qishloq birliklarida — kamida 3 kilometr;
  • Shaharlarda — kamida 4 kilometr.

Agar loyiha ma’qullansa, bu me’yorlar allaqachon qurilgan diniy obyektlarga tatbiq etilmaydi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 40415 | Инструменты