Rossiya aviakompaniyalariga tegishli ikkita samolyot parvoz vaqtida dvigateli ishdan chiqqani bois o‘zlari uchgan aeroportlarga qaytishga majbur bo‘ldi, deb xabar bermoqda The Moscow Times.
Qayd etilishicha, birinchi holat «Uralskiye avialinii» aviakompaniyasining Sharm-ash-Shayxdan Yekaterinburgga uchayotgan Airbus A321neo samolyoti bilan sodir bo‘lgan. 4,5 ming metr balandlikda havo kemasining chap dvigateli ishdan chiqqan. Ekipaj nosozlik to‘g‘risida dispetcherga xabar bergan va uchish aeroportiga qaytish bo‘yicha qaror qabul qilgan.
Ikkinchi holat Volgograd — Yekaterinburg reysi bo‘yicha uchayotgan NordStar aviakompaniyasining Boeing 737 samolyoti bilan sodir bo‘lgan. 11,3 ming metr balandlikda ushbu samolyotning ham chap dvigateli ishdan chiqqan. Ekipaj Volgograddagi Gumrak aeroportiga qaytgan.
Har ikkala aviakompaniya matbuot xizmatlariga ko‘ra, havo kemalari texnik ko‘rik va holatga baho berish uchun parvozdan chetlatilgan.
Ukrainaga qarshi urush boshlangunga qadar Rossiya aviaparkida 1031 ta samolyot bor edi — ularning uchdan ikki qismini Boeing va Airbus kompaniyalarining havo kemalari tashkil etgan. Ammo AQSh va YeI ushbu samolyotlarga xizmat ko‘rsatishni, shuningdek, yangi laynerlar yetkazib berishni taqiqlab qo‘ygan. 2023 yilda Rossiya hukumati yashirin ravishda aviakompaniyalarga samolyotlar «kannibalizatsiyasi» — bir samolyotdagi soz ehtiyot qismlarni boshqasiga ko‘chirib o‘tkazishga ruxsat bergan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10711 | Инструменты