Shveysariyada aholi sonini cheklash bo‘yicha referendum o‘tkaziladi

Shveysariyada immigratsiyani cheklash va mamlakat aholisi soniga limit joriy etish masalasi bo‘yicha referendum o‘tkaziladi. Tashabbus 2024 yilda Federal majlisdagi o‘rinlarning qariyb uchdan biriga ega bo‘lgan o‘ng-konservativ Shveysariya xalq partiyasi tomonidan ilgari surilgan.

Hukumat va parlament mazkur tashabbusga qarshi chiqqaniga qaramay, petitsiyani 100 mingdan ortiq fuqaro imzolagach, referendum avtomatik tarzda tayinlandi.

Agar referendum qo‘llab-quvvatlansa, hukumat 2050 yilgacha immigratsiyani cheklash choralarini ko‘rishga majbur bo‘ladi. Hozirda Shveysariya aholisi qariyb 9 million kishini tashkil etadi. Aholi soni 9,5 milliondan oshgan taqdirda, rasmiylar chet elliklar uchun doimiy yashash ruxsatnomasini olish shartlarini qatʼiylashtirishi va Shveysariya hamda Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi erkin harakatlanish to‘g‘risidagi kelishuvni qayta ko‘rib chiqishi lozim bo‘ladi. Shveysariya EI aʼzosi emas.

Referendum tarafdorlari ortiqcha aholi soni infratuzilmaga bosimni kuchaytirganini, mahalliy o‘zlikka putur yetkazganini va ijara narxlarini oshirganini taʼkidlashmoqda. Qarshilar esa tashabbus iqtisodiyotga zarar yetkazishi, xorijiy ishchi kuchini jalb etishni qiyinlashtirishi hamda Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarga salbiy taʼsir ko‘rsatishi mumkinligini bildirmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 21221 | Инструменты