Huawei 1
Tibbiyot va fiziologiya bo‘yicha Nobel mukofoti laureatlari e’lon qilindi

Stokgolmda tibbiyot va fiziologiya bo‘yicha Nobel mukofoti laureatlari e’lon qilindi.

2024-yilgi mukofot mikroRNK molekulalarini kashf etgani hamda uning transkripsiyadan keyingi gen boshqaruvida tutgan o‘rni uchun Viktor Ambros va Gariy Ruvkunga berilgan.

MikroRNK – ribonuklein kislotasi (RNK)ning qisqa molekulalaridan iborat alohida sinf bo‘lib, u boshqa molekulalar qatori ko‘plab genlarning faolligini belgilaydi. Ko‘p hollarda aynan mikroRNKga qarab, organizmning u yoki bu hujayralarida ma’lum bir gen faol bo‘lishi yoki bo‘lmasligi aniqlanadi.

MikroRNKlarning kashf etilishi juda muhim, chunki ular genlarni boshqarishda ishtirok etadi. Bu jarayonning buzilishi oqibatida qandli diabet, onkologik va autoimmun kasalliklar kelib chiqishi mumkin. Aynan shu sababli, gen boshqaruvi mexanizmini tushunish so‘nggi o‘n yilliklarda fan uchun muhim maqsad bo‘lib kelmoqda.

Tibbiyot va fiziologiya bo‘yicha mukofot an’anaviy tarzda Nobel haftaligini ochib beradi. 8-oktyabr kuni fizika bo‘yicha, 9-oktyabrda kimyo, 10-oktyabrda adabiyot, 11-oktyabr kuni Osloda tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureatlari nomi e’lon qilinadi. Shuningdek, 14-oktyabrda Shvetsiya banki tomonidan 1968-yilda ta’sis etilgan Alfred Nobel mukofotining iqtisod bo‘yicha sovrindori ma’lum bo‘ladi.

Tibbiyot bo‘yicha 2023-yilgi Nobel mukofoti vengriyalik Katalin Kariko va amerikalik Dryu Vaysmanga topshirilgandi. Mukofot “COVID-19 ga qarshi samarali mRNK vaksinalarini ishlab chiqishga imkon bergan nukleozid bazasi modifikatsiyalari haqidagi kashfiyotlar uchun” berilgandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 100718 | Инструменты