Ilon Mask rahbarlik qilayotgan Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) xodimlari AQSh prezidenti Donald Trampga nisbatan sadoqatsizlik alomatlarini aniqlash maqsadida sun’iy intellektdan foydalanib kamida bitta federal agentlikning xabarlarini kuzatmoqda. Bu haqda Reuters agentligi o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Bundan tashqari, DOGE xodimlari muloqot uchun Signal messenjeridan foydalanyapti, «bu esa qaydlarni yuritish qoidalarini potensial buzish hisoblanadi, chunki ushbu messenjerda xabarlar ma’lum vaqt o‘tgach o‘chib ketishi mumkin».
Ma’lumotlarga ko‘ra, sun’iy intellekt va Signal messenjeridan foydalanilishi kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar orasida «xavotirlarni kuchaytirgan». Ularning fikricha, Mask va Tramp ma’muriyati sun’iy intellekt yordamida to‘plangan ma’lumotlardan «o‘z manfaatlarini ilgari surish yoki siyosiy sabablarga asoslangan ta’qiblarda» foydalanishi mumkin.
Reutersʼning yozishicha, Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligida Tramp vakillari ayrim xodimlarga Maskning jamoasi AQSh prezidenti va DOGE rahbariga nisbatan dushmanona munosabatda bo‘lganlarni aniqlash uchun xabarlarni monitoring qilishda sun’iy intellektni joriy etayotganini aytgan.
Ilon Mask — Donald Trampning asosiy maslahatchilaridan biri. U Tramp AQShning 47-prezidenti sifatida lavozimga kirishganidan keyin Hukumat samaradorligi departamenti rahbariga aylandi. DOGE Amerika hukumatining ish samaradorligini oshirish, jumladan, «samarasiz» amaldorlarni ishdan bo‘shatish bilan shug‘ullanadi. Yanvar oyida ish boshlagan departament 1,5 yildan keyin faoliyatini to‘xtatishi kerak. CNN’ning mart oyidagi hisob-kitoblariga ko‘ra, DOGE faoliyati davomida federal agentliklardan 121 mingdan ortiq odam ishdan bo‘shatilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 41721 | Инструменты