Donald Tramp Kit Kellogni Ukraina bo‘yicha maxsus elchi etib tayinlashga qaror qildi. Bu Tramp Ukrainadagi urushni qanday tugatishni rejalashtirayotgani haqidagi savolga javob bo‘lishi mumkin, deb yozdi CNN.
80 yoshli Kellogg Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi bo‘lgan. Aprel oyida u Ukrainada tinchlik kelishuvi bo‘yicha o‘z qarashlarini bayon qilgan edi. Shundan kelib chiqib CNN Kellogning takliflari Tramp ma‘muriyati amalga oshirishga harakat qiladigan reja bo‘lishi mumkinligini yozmoqda.
Rejaning mohiyati tezda sulhga erishish va front chizig‘ini muzlatish, shundan so‘ng har ikki tomonning muzokaralar stoliga o‘tirishidan iborat. Ammo bundan keyin ishlar yanada murakkablashishi mumkin, deb yozadi CNN.
Kelloggning fikricha, Ukrainaning NATOga a‘zoligi aslida ramziy birdamlik belgisi sifatida Kiyevga taklif qilingan juda uzoq istiqboldir. Shuning uchun “xavfsizlik kafolatlari bilan keng qamrovli tinchlik kelishuvi evaziga” bu istiqboldan noma’lum muddatga voz kechish kerak.
Kellogg rejasida, shuningdek, AQSHning Ukrainaga kelajakdagi har qanday yordami faqat qarz ko‘rinishida bo‘lishi belgilangan.
Rejada front chizig‘i muzlatilgandan so‘ng, ushbu chiziq bo‘ylab qurolsizlantirilgan hudud yaratish ko‘zda tutilgan. Bunga rozi bo‘lgani uchun Rossiyaga nisbatan sanksiyalar qizman yumshatiladi. Ukrainaga ma’qul bo‘ladigan tinchlik bitimi imzolangandan keyingina Rossiyadan sanksiyalar to‘liq olib tashlanadi.
Demilitarizatsiya qilingan hudud xavfsizligini ta‘minlash ham rejaning bir qismi. Ammo buni kim amalga oshirishi aniq emas — NATO qo‘shinlarimi yoki neytral davlatlar askarlari.
Qo‘shma Shtatlar Ukrainadan Rossiya tomonidan bosib olingan hududlardan voz kechishni talab qilmaydi, ammo Kellogg rejasiga ko‘ra, Kiyev ularni qaytarish uchun faqat diplomatik yo‘lga rozi bo‘lishi kerak.
Shuningdek, Ukrainani rekonstruksiya qilishni moliyalashtirish uchun Rossiyaning energiya eksportiga maxsus yig‘im joriy etish rejalashtirilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120301 | Инструменты